Britaniya Bosh vaziri: «Maktablar sentabrdan ochilishi zarur...»


Britaniya Bosh vaziri Boris Jonson davom etayotgan koronavirus pandemiyasiga qaramay hukumat maktablarda o‘quvchilar salomatligini saqlay olishini ta’kidlagan.

Shu oyning boshida olib borilgan o‘rganishlar natijasiga ko‘ra, agar koronavirus va uning zanjirini aniqlash bo‘yicha tizim yaratilmasdan maktablar ochilsa, qish fasliga kelib Britaniyada COVID-19 ning ikkinchi to‘lqini yuzaga kelish xavfi tug‘iladi. Ikkinchi to‘lqinda koronavirus birinchisidan ikki baravar ko‘p tarqalishi mumkin.

Lekin Jonson maktablarni ochishni mamlakatdagi eng muhim ish deb hisoblamoqda. U agar kelajakda karantin joriy qilinsa, yopiladigan eng oxirgi muassasa maktablar bo‘lishini ham ta’kidlagan.

«Maktablarimizni kerakli bo‘lgan muddatdan bir lahza ko‘proq yopib qo‘yishimiz ijtimoiy, iqtisodiy va axloqiy jihatdan katta zararni keltirib chiqaradi. Pandemiya tugagani yo‘q. Lekin endilikda biz barcha o‘quvchilarning sog‘ligini saqlagan holda maktablarni ochish bo‘yicha yetarlicha bilimga egamiz» deydi Boris Jonson.

Eslatib o‘tamiz, Britaniyada maktablar mart oyida yopilgan va iyun oyida oz sonli o‘quvchilar bilan qayta ochilgandi. Britaniya hukumati ham sentabrning boshidan barcha o‘quvchilar maktabga qaytishlarini xohlamoqda.