Bir nechta ta`lim muassasalarida sirtqi bo'lim ochiladi


O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «2017/2018 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasining oliy ta`lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish to‘g‘risida»gi qarori e`lon qilindi

Unga ko‘ra Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida, Navoiy davlat konchilik institutida va Toshkent temir yo‘l muhandislari institutida sirtdan o‘qish imkoniyati paydo bo‘ladi.

Hujjatda maxsus sirtqi bo‘lim negizida ishlab chiqarishdan ajralmagan holda bilim olishni ta`minlash maqsadida Toshkent axborot texnologiyalari universitetining maxsus sirtqi bo‘limida 100 nafar, shu jumladan, davlat grantlari bo‘yicha 15ta va to‘lov-kontrakt asosida 85ta, Navoiy davlat konchilik institutida to‘lov-kontrakt asosida 90 nafar va Toshkent temir yo‘l muhandislari institutida to‘lov-kontrakt asosida 80 nafar bakalavrni tayyorlash nazarda tutilgan

Qaror bilan O‘zbekiston Respublikasining ta`lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasining yangi tarkibi tasdiqlandi va unga quyidagi huquqlar berildi:

bakalavriat yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha oliy ta`lim muassasalariga o‘qishga kirish chog‘ida abituriyentlar to‘plagan ballarning reyting bahosini hisobga olgan holda oliy ta`lim muassasalarining bakalavriat va magistratura bo‘limlari qabul parametrlariga o‘zgartishlar kiritish;

yangi yo‘nalishlar va mutaxassisliklarni kiritish uchun bakalavriat va magistraturaning qabul kvotalariga o‘zgartishlar kiritish

iqtisodiyot tarmoqlari, jumladan, respublikaning olis va borish qiyin bo‘lgan hududlari uchun mutaxassislarga bo‘lgan o‘rinli ehtiyojlarni qondirish maqsadida oliy ta`lim muassasalarining bakalavriat va magistraturasiga tegishli tarmoqlar va hududlar bo‘yicha maqsadli qabul ko‘rsatkichlarini belgilash.

Shuningdek, 2017/2018 o‘quv yilidan boshlab oliy ta`lim muassasalariga to‘lov-kontrakt pulining oshirilgan stavkasi bo‘yicha qo‘shimcha qabulni amalga oshirish joriy etilmoqda. Bunda:

oliy ta`lim muassasalariga to‘lov-kontrakt pulining oshirilgan stavkasi bo‘yicha qo‘shimcha qabulni amalga oshirish uchun kvota miqdori ta`lim muassasasining mavjud imkoniyatlari va ta`lim yo‘nalishlaridan kelib chiqib Davlat komissiyasi tomonidan belgilanishi;

qo‘shimcha qabul bo‘yicha to‘lov-kontrakt pulining oshirilgan stavkasi abituriyentlar to‘plagan ballarga qarab Davlat komissiyasi tomonidan differentsiyalashgan tartibda belgilanishi;

to‘lov-kontrakt pulining oshirilgan stavkasi bo‘yicha qo‘shimcha qabul o‘tish ballini to‘play olmagan abituriyentlarga to‘plagan balliga muvofiq (68 balldan kam bo‘lmagan) ketma-ketlik tartibi qat`iy saqlangan holda, ularning oshirilgan kontrakt pulini to‘lay olish imkoniyatidan kelib chiqib amalga oshirilishi belgilab qo‘yildi. «Qarorning yana bir muhim jihati shundaki, kadrlarni maqsadli tayyorlashning asosiy buyurtmachilari hisoblangan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari, vazirlik va idoralarga oliy ta`lim muassasalari bitiruvchilarining ular o‘qib egallagan kasbiga va tuzgan shartnomalariga muvofiq ish bilan bandligini ta`minlash, jumladan, respublikaning olis va borish qiyin bo‘lgan hududlariga ishga yo‘llanma olgan oliy ta`lim muassasalari bitiruvchilari uchun munosib mehnat va ijtimoiy-maishiy shart-sharoitlar yaratish yuzasidan javobgarlik yuklangan.