Quyidagilarning hujjatlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri (maxsus sinovlarsiz) tan olinadi
- xorijiy davlatlarda umumiy o‘rta, o‘rta, o‘rta maxsus, kasb-hunar va malaka oshirish taʼlimi olgan talabgorlarning xorijiy davlatlarda taʼlim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlari;
- O‘zbekiston Respublikasi hududida alohida bo‘linmalari (filiallari) va qo‘shma taʼlim muassasalari faoliyat yuritayotgan xorijiy taʼlim muassasalarida taʼlim olgan talabgorlarning hujjatlari;
- Oliy va o‘rta maxsus taʼlim vazirligi hamda Davlat inspeksiyasining qo‘shma qarori bilan ro‘yxati har yili tasdiqlanadigan xalqaro eʼtirof etilgan tashkilotlarning (Quacquarelli Symonds World University Rankings, Times Nigher Education, Academic Ranking of World Universities) reytingida oliy taʼlim muassasalari orasida birinchi 1 000 o‘rinni egallagan xorijiy oliy taʼlim muassasalarida taʼlim olgan talabgorlarning hujjatlari;
- tizimida oliy taʼlim muassasalari bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi vazirliklari va idoralarining yo‘llanmalari asosida mutaxassislarni maqsadli tayyorlash uchun xorijiy davlatlar tomonidan ajratilgan kvotalar (grantlar) hisobidan taʼlim olgan talabgorlarning hujjatlari;
- 1992 yil 1 yanvargacha xorijiy taʼlim muassasalariga o‘qishga kirgan talabgorlarning hujjatlari;
- Oliy taʼlimda sifatni kafolatlash Yevropa assotsiatsiyasining (European Association for Quality Assurance in Nigher Education) to‘laqonli aʼzolari — vakolatli tashkilotlar tomonidan akkreditatsiya qilingan taʼlim muassasalarida taʼlim olgan talabgorlarning hujjatlari, ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan yo‘nalishlar, mutaxassisliklar va kasblar bundan mustasno;
- Amerika Qo‘shma Shtatlari, Avstraliya Ittifoqi, Isroil Davlati, Kanada, Singapur Respublikasi, Koreya Respublikasi, Yaponiya davlatlarining ushbu davlatlar vakolatli tashkilotlari tomonidan akkreditatsiya qilingan taʼlim muassasalarida taʼlim olgan talabgorlarning hujjatlari, ro‘yxati Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan yo‘nalishlar, mutaxassisliklar va kasblar bundan mustasno;
- xorijiy oliy taʼlim muassasalarida mutaxassislarni maqsadli tayyorlash uchun O‘zbekiston Respublikasi vazirliklari va idoralari tomonidan ajratilgan mablag‘lar hisobiga taʼlim olgan talabgorlarning hujjatlari;
- O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlarida nazarda tutilgan hollarda taʼlim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlar.