CEFR tizimiga aloqador 5 ta anglashilmovchilik


Shu kunlarda hamma CEFR (Common European Framework of Reference for Languages) tizimiga avvalgidan ko’proq e’tibor qaratayotgandek tuyulayapti. DTM huzurida chet tillarni bilish darajasini aniqlash imtihoni o’tkaziladi. Maxsus sertifikat olgandan so’ng o’qituvchilar (yoki boshqa soha vakillari)ning oylik maoshlariga ustama haq to’lanishi belgilangan. Bundan tashqari CEFR darajasini belgilaydigan sertifikat orqali abituriyentlar oliygohlarga imtihonsiz kirishlari ham joriy etilgan. Kelajakda chet tillarni bilish muhimligining hozirgidan pastroq darajaga tushish ehtimoli yo’q. Demak, Common European Framework of Reference for Languages va boshqa tilni bilish darajasini aniqlovchi testlarga qiziqish yanada ortadi.

Kuzatishlarimga ko’ra internetning o’zbek qismida Common European Framework of Reference for Languages bilan bog’liq bir nechta chalkashliklar, anglashilmovchiliklar mavjud. Ushbu maqolada CEFRga aloqador eng ko’p uchraydigan noto’g’ri fikrlarni ko’rib chiqamiz va imkon qadar ularni asosli, to’g’ri fikrlar bilan almashtiramiz.

CEFR – bu IELTSga o’xshash test

Ko’pchilik CEFRni IELTS yoki TOEFLga o’xshash test tizimi, deb o’ylaydi. Aslida bu xato fikr hisoblanadi. CEFRni qolipga qiyoslasak to’g’riroq bo’ladi. U tilni bilish darajasini aniqlashda yordam beradigan standart. Shu o’rinda CEFRni IELTS (yoki butunlay boshqa bir imtihon turi)dan farqlab olish uchun uning imtihonlardan farqli jihatlarini yodga olishimiz kerak:

  • CEFR sertifikat bermaydi;
  • Sinovdan o’tkazadigan test tizimi emas;
  • Ma’lum bir tilga biriktirilmagan;
  • Barcha tillarga mos qolip hisoblanadi;
  • Hech bir tashkilot qaramog’ida emas.

Bizda milliy NSFLA test tizimi mavjud. Yevropada mashxur IELTS tizimi bor. Amerikada – TOEFL. Bu testlarning barchasida maqsad bitta – foydalanuvchining tilni bilish darajasini aniqlash. O’zbekistonda va Yevropada tilni bilish darajasini baholash uchun CEFR asos qilib olingan. NSFLA imtihonlarimiz ham, IELTS sinovlari ham shu Common European Framework of Reference for Languages asosida til ko’nikmalarini tekshiradi va baholaydi.

CEFRdan o’tsam, o’qishga ketaman

Xorijda o’qish istagi bo’lgan abituriyentlar Common European Framework of Reference for Languages deganda imtihon topshirib, o’qish uchun xorijga ketish mumkin bo’lgan vosita sifatida qarashadi. Aslida bunday emas. CEFR, yuqorida aytib o’tganimizdek, xorijiy oliygohlarda bilim darajasini isbotlovchi xujjat o’rnini bosa oladigan test emas. Unda sertifikat ham, diplom ham berilmaydi. Tabiiyki, Common European Framework of Reference for Languages xorijda o’qishingiz uchun xujjatli asos yaratib bera olmaydi.

Ammo, ma’lum bir til doirasida (ingliz tili, nemis tili, fransuz tili yoki boshqasi) CEFR me’zonlariga ko’ra qoniqarli ko’nikmaga ega bo’lishingiz mumkin. Bu ko’nikmalaringizni IELTS yoki boshqa muqobil imtihon turida ko’rsatib bera olsangiz, albatta xorijiy oliygohlarda o’qish imkoniyatini qo’lga kirita olasiz. Shunday ekan, CEFRni biz qiziqayotgan xorijiy til imtihonlarini o’z ichiga oluvchi, umumlashtiruvchi tizim sifatida qabul qilsak to’g’riroq bo’ladi.

CEFR faqat ingliz tili uchun

Bu noto’g’ri fikr. CEFR o’z nomi bilan Common European Framework of Reference for Languages. U barcha tillar uchun, qaysidir bitta til uchun emas.

Yevropada juda ko’p tillarda gaplashiladi. Har bir til bir necha boshqa davlatlarda ham ishlatiladi. Masalan, nemis tili Germaniyada ona tili sifatida ishlatilsa, boshqa bir necha Yevropa mamlakatlarida ikkinchi va hatto uchinchi til sifatida ham ishlatiladi. Yevropada kimnindir nemis tili bo’yicha bilimini, ko’nikmasini sinovdan o’tkazishimiz uchun bizga standart kerak bo’ladi. Faqat Germaniyadagi nemis tili to’g’ri, boshqalari xato, deya olmaymiz. Aynan shu o’rinda biz uchun CEFRga zarurat paydo bo’ladi. U umumyevropa xalqlari uchun (misol tariqasida) nemis tilining qolipini yaratib beradi. Shu qolip asosida biz foydalanuvchining til ko’nikmasini tekshirishimiz, ma’lum me’zonlar asosida baholashimiz mumkin.

Bundan ko’rinib turibdiki, CEFR u yoki bu tilga bog’langan emas. U barcha Yevropa tillarini o’z ichiga oladi. O’zbekistonda CEFR ko’proq ingliz tili ko’nikmasini sinovdan o’tkazish testlari orqali tanilganligi sababli unga faqat ingliz tiliga oid tizim sifatida qarashga odatlanganmiz.

CEFR faqat o’qituvchilar uchun

Yurtimizda NSFLA milliy imtihon tizimi tashkil etilgan. U CEFRni asos qilib olgan. O’zbekistonda ushbu imtihondan deyarli barcha davlat xizmatchilari til ko’nikmasini sinovdan o’tkazish zarurati tug’ilganda o’tkaziladi. Nafaqat o’qituvchilar, balki bojxona, ichki ishlar, sog’likni saqlash va boshqa soha vakillari ham u yoki bu tildagi ko’nikmalarini baholatish uchun NSFLAga murojaat qilishlari mumkin.

O’qituvchilar uchun (ayniqsa ingliz tili o’qituvchilarida) til bilish ko’nikmasi ma’lum minimum ko’rsatkichdan yuqori bo’lgan holatda oylik ish haqiga ustama qo’shib berish joriy etilgan. Shuning uchun ko’proq o’qituvchilar NSFLA imtihoniga (ko’pincha bu imtihon o’qituvchilar tomonidan «CEFR imtihoni», deb yuritiladi) qiziqish bildirishadi. Aslida boshqa soha vakillarida ham bunday imtiyoz bor. Hatto harbiy xizmatchilar ham xorijiy til ko’nikmalariga ko’ra ustama haq bilan mukofotlanishadi. Bundan tashqari, hozirgi vaqtda abituriyentlar ham oliy o’quv yurtlariga kirish imtihonlaridagi imtiyozlar uchun NSFLA sertifikatlariga qiziqish bildirishmoqda. Shunday ekan, CEFR (NSFLA) faqat o’qituvchilar uchun emas.

O’quv kursi CEFRga tayyorlar ekan

Hech qaysi o’quv markazida, hech bir o’quv kursida «CEFRga tayyorlash», degan sehrli usul mavjud emas. Ular CEFRga tayyorlamaydi. Aslida hech kim CEFRga tayyorlamaydi va tayyorlanmaydi. Biz tilni o’rganamiz. Uni o’z qoidalari bo’yicha to’g’ri ishlatishni ko’rib chiqamiz. CEFR esa bizning ko’nikmalarimizni tartibga soladi, standartlashtiradi va baholaydi. «CEFRga tayyorlanish» esa huddi «Qaysi taomni yoqtirasan?», degan savolga «Men masalliqni yoqtiraman», deb javob berishga o’xshaydi. Biz barcha tillarni o’z ichiga oluvchi standart tizimni emas, aslida ma’lum bir tilni o’rganamiz. Ingliz tili, rus tili, nemis tili yoki boshqa bir tildan bilim beruvchi, shu til imtihoniga tayyorlovchi o’quv kursi «CEFRga tayyorlash» yorlig’i ostida o’quvchilarni jalb qilishi oddiy jozibador reklamadan boshqa narsa emas.

Shu o’rinda «IETLSga tayyorlash» kurslari ham aynan shu, yuqorida keltirilgan sababga ko’ra o’quvchilardan ko’proq pul ishlab olish harakatidan boshqa narsa emas. IELTS o’rgatilmaydi, ingliz tili o’rgatiladi. Aslida bu kurslarda Sizga ingliz tilini o’rgatishadi. IELTS esa o’rgangan bilimlaringizni ma’lum me’zon asosida sinovdan o’tkazadi.

Ushbu maqola orqali CEFR haqida oz bo’lsa ham tushunchaga ega bo’ldingiz, degan umiddaman. Bu tizimga aloqador anglashilmovchiliklarni to’g’ri tahlil asosida tushunib olsak, kelajakda CEFR bilan bog’liq intilishlarimiz o’zining yaxshiroq samarasini beradi.

Manba: azamat.uz