Xorijiy davlatlarda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni nostrifikatsiyalash haqida qaror.


O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 3 apreldagi qaroriga asosan xorijiy davlatlarda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni nostrifikatsiyalash to‘g‘ridan-to‘g‘ri (maxsus sinovlarsiz) amalga oshiriladigan holatlar kengaytirilgan edi.

Xususan, xalqaro tan olingan tashkilotlarning reytingida birinchi 500 talik ro‘yxatiga kiritilgan xorijiy oliy ta’lim muassasalarida ta’lim olgan bitiruvchilarning diplomlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri (maxsus sinovlarsiz) nostrifikatsiyalash amalga oshirilishi belgilandi.

Yaqinda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Davlat test markazining qo‘shma qarori bilan shunday OTMlar ro‘yxati tasdiqlandi.

Qo‘shma qarorda uchta xalqaro tashkilot reytinglari hisobga olinishi belgilab qo‘yildi. Bular:

1) QS – Quacquarelli Symonds;
2) ARWU – The Academic Ranking of World Universities;
3) THE – Times Higher Education.

Quvonarli tomoni uchala xalqaro tashkilot reytingining dastlabki 500 talik ro‘yxatidan bir-biridan farqli ta’lim muassasalari joy olganligi sababli, O‘zbekistonda 500 ta emas, 712 ta xorijiy OTMlarning diplomlari maxsus sinovlarsiz nostrifikatsiyalanadigan bo‘ldi.

Ro‘yxatdan jami 66 ta davlatning oliy ta’lim muassasalari joy olgan. Eng ko‘p AQSHdagi oliygohlar kiritilgan – jami 157 ta! Keyingi o‘rinlarda Buyuk Britaniya (60 ta), Germaniya (48 ta), Xitoy (45 ta), Italiya (35 ta), Fransiya (32 ta), Avstraliya (30 ta), Yaponiya (21 ta), Kanada (21 ta), Janubiy Koreya (16 ta), Ispaniya (16 ta) davlatlarining oliygohlari o‘rin egallashgan.

Rossiyaning 13 ta ta’lim muassasasining diplomi to‘g‘ridan-to‘g‘ri nostrifikatsiyalanishi belgilandi. Bular:

N.E.Bauman nomidagi Moskva davlat texnika universiteti
“Oliy iqtisodiyot maktabi" milliy tadqiqot universiteti
Sankt-Peterburg ITMO universiteti
Qozon federal universiteti
Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti
Moskva davlat fiziko-texnika instituti (davlat universiteti)
Moskva davlat xalqaro munosabatlar instituti (MGIMO)
Milliy yadroviy tadqiqotlar universiteti (“MIFI")
Novosibirsk davlat universiteti
Sankt-Peterburg politexnika universiteti
Sankt-Peterburg davlat universiteti
Tomsk davlat universiteti
Tomsk politexnika universiteti