Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi OTM xodimlaridan safarlar bo‘yicha ma’lumotlarni kirill yozuvida to‘ldirib berish talabi kabi holatlarga keyinchalik yo‘l qo‘yilmasligini ma’lum qildi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xat bo‘yicha mas’ul ijrochisi bilan tushuntirish ishlari olib borilib, zarur tavsiyalar berildi, deyiladi vazirlik bayonotida.
2024 yil 27 mart kuni oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Komiljon Karimov buyrug‘i ostida OTM rektorlari va filial direktorlariga jo‘natilgan xat tarqaldi. Unda 2021-2024 yillar davomida har bir OTM rektori, prorektorlari, bo‘lim va boshqarma boshliqlari, fakultet dekanlari va kafedra mudirlari amalga oshirgan safarlar bo‘yicha ma’lumotlarini o‘zbek tili kirill alifbosida berish so‘ralgan.
Xat ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari va jamaot faollari o‘rtasida muhokamaga sabab bo‘ldi. Holat yuzasidan vazirlik rasmiy munosabat bildirdi.
Ma’lum qilinishicha, holat Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi rahbariyati va mas’ullari ishtirokida tahlil qilinib, hujjatlarni ishlab chiqish va ish yuritish bo‘yicha kelgusida bu kabi holatlarga qayta yo‘l qo‘ymaslik va uning oldini olish bo‘yicha aniq vazifalar belgilangan. “Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xatda keltirilgan holat yuzasidan mazkur xat mas’ul ijrochisi bilan tushuntirish ishlari olib borilib, zarur tavsiyalar berildi. Tizim xodimlari uchun davlat tilida ish yuritish asoslari bo‘yicha seminarlar o‘tkazilishi rejalashtirildi”, – deyiladi rasmiy munosabatda.
Shuningdek, vazirlik tizim tashkilotlari va oliy ta’lim muassasalarida ish yuritish to‘liq davlat tilida, ya’ni lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida olib borayotganini ma’lum qilgan. Biroq munosabatda OTMlardan nega kirill alifbosida ma’lumot so‘ralganiga izoh berilmagan.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida”gi qonun 1993 yil 2 sentabrda qabul qilingan.