So‘nggi ikki yilda 3 nafar rektor va 5 nafar prorektor ta'lim bilan bog‘liq jinoyatlari uchun javobgarlikka tortilgan


2020 yil 26 fevral kuni Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida Senatning Fan, ta'lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi tomonidan «Oliy ta'lim sohasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish: muammo va ta'sirchan choralar» mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.

Senat axborot xizmatiga ko‘ra, unda Qo‘mita a'zolari, mutasaddi vazirliklar, oliy ta'lim muassasalari rektorlari, jamoat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar. 
Davra suhbatida oliy ta'lim muassasalarining jamiyat oldidagi hisobdorligi va ta'lim sifatini ta'minlashdagi mas'uliyatini oshirish, professor-o‘qituvchilar bilan talabalar o‘rtasidagi byurokratik unsurlarni bartaraf etish masalalari muhokama qilindi.    
So‘nggi ikki yilda tizimdagi 326 nafar xodim ta'lim jarayoni bilan bog‘liq jinoyatlari uchun javobgarlikka tortilganligi, ularning 3 nafari rektor, 5 nafari prorektor, 15 nafari dekan va dekan o‘rinbosari hamda 62 nafari o‘qituvchi ekanligi tadbir ishtirokchilarining jiddiy muhokamasiga sabab bo‘ldi. 
Prezidentning tegishli qarori bilan 2018 yil 1 sentyabrdan boshlab, xorijiy o‘quv yurtlari bilan hamkorlikda talabalarni o‘qitish va ikki tomonlama tan olinadigan diplom berish amaliyoti joriy etilganligiga qaramasdan, ushbu jarayonda ham turli suiiste'molchiliklarga yo‘l qo‘yilayotganligi keskin tanqid qilindi. 
Tadbir davomida talabani o‘qishga qabul qilishdan boshlab, to diplom olishga qadar bo‘lgan har bir bosqichda kuzatilayotgan korrupsiya holatlari muhokama qilindi. 
Davra suhbati doirasida oliy ta'lim sohasida «Korrupsiyasiz soha» loyihasini izchil davom ettirishga, korrupsiyaning har qanday ko‘rinishiga barham berishga qaratilgan taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.