Oʻzbekistonda “Tashkent international university of education” xalqaro universiteti tashkil etiladi


O‘zbekiston Respublikasida oliy maʼlumotli pedagog va boshqaruvchi kadrlarni tayyorlash maqsadida joriy yilning 23 iyun kuni Vazirlar Mahkamasining “Tashkent International University of Edusation" xalqaro universitetini tashkil etish to‘g‘risida"gi qarori imzolandi.

Yangi universitet taʼlim tizimiga jahonning ilg‘or standartlarini kiritish, dunyoning yetakchi oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, iqtisodiyotimizning turli tarmoqlari uchun malakali kadrlar tayyorlash, ayniqsa zamonaviy boshqaruv mexanizmlarini joriy etish uchun zarur bo‘lgan pedagog va boshqaruvchi kadrlarni tayyorlash bilan shug‘ullanadi.  

Universitet tomonidan belgilangan qabul parametrlari doirasida Xalq taʼlimi vazirligi hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi buyurtmasiga ko‘ra The Times Higher Edusation “Vorld University Rankings" reytingidagi dunyoning eng yukori 1000 talikka kiruvchi oliy taʼlim muassasalari dasturlari asosida tegishli yo‘nalishlar bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlash va qayta tayyorlashni amalga oshiriladi. Iqtidorli yoshlar uchun imtiyozli grantlar ajratiladi.

Bitiruvchilar respublikamizning barcha hududlaridagi umumiy o‘rta taʼlim muassasalarida STEAM (Ssiyense - fan, Technology - texnologiya, Engineering - injenerlik, Arts - sanʼat, Math - matematika) fanlarini bemalol ingliz tilida xalqimiz farzandlariga taʼlim beradilar. Bu esa mamlakatimizdagi maktablarda yangi avlod o‘qituvchilarini tayyorlash uchun asos bo‘ladi. Taʼkidlab o‘tish kerak, hozircha STEAM fanlar faqat Prezident maktablarida ingliz tilida xorijiy pedagoglar tomonidan olib borilmoqda.

Ushbu maqsadlar uchun potensial investorga Toshkent shahar, Yashnobod tumani, “G‘alabaning 40 yilligi" 2-mavzesida joylashgan qurilishi tugallanmagan bino va inshootlar investitsiyaviy va ijtimoiy majburiyatlarni bajarish sharti bilan “nol" xarid qiymatida beriladi.

Potensial investor o‘z mablag‘lari hisobidan universitet faoliyatini moliyalashtirish, obyektlarni rekonstruksiya qilish, kapital taʼmirlash, jihozlash va foydalanishga topshirish, shuningdek, ularga tegishli hududni obodonlashtirish kabi investitsiya majburiyatlarini bajarishi lozim.

Shu bilan bir katorda, ijtimoiy majburiyatlar bajarish doirasida shartli ravishda 10 yil davomida ilg‘or xorijiy oliy taʼlim muassasalari dasturlari asosida yiliga bepul 100 tadan pedagog tayyorlab bersa va ushbu dasturlar bo‘yicha yiliga taxminan 15 mln.so‘m xarajat qilsa, uning mazkur majburiyati summasi taxminan 60,0 mlrd.so‘mni tashkil qiladi (100 bitiruvchi x 4 yil o‘qish davomiyligi x 15 mln.so‘m yiliga x 10 ta guruh). Yaʼni, yuqorida ko‘rsatilgan obyektni berish hisobiga davlat byudjetidan kamida shu miqdordagi mablag‘ni sarflamasdan zamonaviy kadrlar tayyorlanishiga erishiladi.

O‘z navbatida, ushbu dasturda qatnashish uchun eng bilimli maktab bitiruvchilari xorijiy hamkor universitetlar vakillari tomonidan imtihon qilib olinadi va uni muvaffaqiyatli yakunlagan bitiruvchilar xalqaro diplomlarga ega bo‘ladilar.

Umumtaʼlim muassasalarida faoliyatini boshlagan universitet bakalavriat bosqichi bitiruvchilariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ikkinchi malaka toifasi, magistratura bitiruvchilariga birinchi malaka toifasi beriladi. Universitetning magistratura taʼlim bosqichi bitiruvchilari O‘zbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligining rahbar kadrlari zaxirasiga kiritiladi.

Universitetda o‘qitish O‘zbekiston Respublikasi davlat taʼlim standartlari talablarini inobatga olgan holda universitet va uning xorijiy hamkori tomonidan tasdiqlanadigan o‘quv rejalari va dasturlariga muvofiq to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi. Kadrlar tayyorlash kunduzgi, sirtqi, kechki, maxsus sirtqi va masofaviy taʼlim shakllari bo‘yicha o‘zbek, ingliz hamda boshqa tillarda amalga oshiriladi.

Universitet bitiruvchilariga uning xorijiy hamkor universitetlarining O‘zbekiston Respublikasida oliy taʼlim to‘g‘risidagi hujjati sifatida tan olinadigan xalqaro darajadagi yoki belgilangan namunadagi diplomi berilishi rejalashtirilgan. Bakalavriat taʼlim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklariga qabul parametrlari universitet tomonidan xorijiy hamkorlar bilan kelishilgan holda belgilanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligiga universitet faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun eng yaxshi shartlarni taklif etgan potensial investorni tanlash hamda investitsiyaviy va ijtimoiy majburiyat shartlarini belgilash huquqi berildi. Shu maqsadda mazkur vazirlik potensial investorlarni hamkorlikka chaqiradi hamda ulardan asoslangan takliflar kutib qoladi.