Keyingi kirish imtihonlarida o‘zbek tili bo‘yicha testda grammatika emas, to‘rtta ko‘nikma test qilinadi – Shermatov


Xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatov AOKAda o‘tkazilgan anjumanda o‘zbek tilining o‘qitilishiga e'tibor borasida berilgan savolga javob qaytardi.

“O‘zbek tilini o‘qitishda bizda asosan grammatikaga e'tibor berilgan. Biz hozirda buni umuman yangicha yo‘nalishda amalga oshiryapmiz. Aslida, til o‘rganish to‘rtta ko‘nikmaga bog‘liq. Ingliz tiliga agar TOEFL topshirsangiz, to‘rtta ko‘nikma o‘rganiladi. Ular grammatikani ko‘rmaydi. Shuning uchun Respublika ta'lim markaziga ham bu vazifa qo‘yilgan. Ya'ni grammatikadan qochib, to‘rtta ko‘nikma – o‘zbek tilida o‘qib, tushunish, eshitib tushunish, ifodali gapirish, yozish. Afsuski, mana shu to‘rtta ko‘nikma chetda qolib, bolalarga faqat grammatika o‘qitilgan.

Oddiy bir misol. Oldingi yili Sirdaryoda o‘qituvchilarning o‘zini ham test qilgandik. Aksariyat o‘qituvchilarning o‘zi ham DTM testlarini yecholgani yo‘q. Faraz qiling, bolalarni qiynab, grammatikaga tayyorlayapmiz. Shuning uchun bu bo‘yicha ham farmonda vazifa qo‘yilgan. Keyingi kirish imtihonlarida o‘zbek tili bo‘yicha test qilinganida ham grammatikani emas, to‘rtta ko‘nikma test qilinadi. Ingliz tilida IELTS`ga tayyorlangandek, keyinchalik bolalarimiz ham to‘rtta ko‘nikmaga tayyorlanishga harakat qilsa, albatta til bilish darajasi ham oshib boradi", - deya Sherzod Shermatovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Vazir maktab o‘quvchilariga chet tilini o‘rgatish masalasi dolzarb ekaniga ham to‘xtaldi.

“Endi chet tilini o‘rganmasak bo‘lmaydi. BMTning oltita rasmiy tili bor. Shu tillardan juda bo‘lmaganida ikkitasini bolalarimiz bilib chiqishi shart. Shuning uchun ham konsepsiyada bolalar o‘zbek tilini bilsin, yana qo‘shimcha ravishda rus tilini o‘rgansin va chet tili, masalan, ingliz tili, fransuz yoki nemis yoki boshqa tillarni bilsin", - dedi Sherzod Shermatov.

Sherzod Shermatov Toshkent shahrida aksariyat o‘zbek oilalar farzandini rus maktablariga berib, ularning o‘zbek tilini “yo‘qotib qo‘yishi" holatlari haqida ham gapirdi.

“Toshkent shahrida bizning juda katta muammoimiz bor edi. Hali ham bu bo‘yicha ishlayapmiz. Ota-onalarning aksariyati bolalarini rus maktabiga berishga harakat qiladi. Natijada, o‘zbek oila bo‘lib turib, uyda ham ruscha gapiradi, farzandi o‘zbek tilini umuman “yo‘qotib qo‘yayotgan" holatlarimiz ko‘p edi. Mana bu salbiy holat.

Bu bo‘yicha so‘nggi ikki yil statistikasini qaraydigan bo‘lsak, bir yil oldin ko‘proq bolalar birinchi sinfga ruscha sinfga berilgan ekan. Bu yil Toshkent shahrida prezidentimiz topshirig‘i bilan maktablar rekonstruksiya qilindi, ta'mirlandi, sharoiti yaxshilandi. O‘zbek maktablarining sharoiti yaxshilanganidan keyin ularning ota-onalar uchun jozibadorligi oshdi. Bu yildan Toshkent shahrida o‘zbek tili sinflariga o‘quvchilar qabul oshdi", - dedi Sherzod Shermatov.