I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar davlat granti asosida o‘qishga qabul qilinadilar


O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida" 2017 yil 1 dekabrdagi PF-5270-son Farmoniga muvofiq 2018 yil 02 iyunda 417-sonli Vazirlar Mahkamasi Qarori qabul qilindi. Ushbu qaror bilan I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarni O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga qo‘shimcha davlat granti kvotalari asosida o‘qishga qabul qilish tartibi belgilab berildi. 

Qabul jarayonida oliy ta’lim muassasasi va O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining hududiy boshqarmasi vakillaridan iborat tarkibda oliy ta’lim muassasasida nogironligi bo‘lgan shaxslardan hujjatlar qabul qilish komissiyasi tashkil etiladi.

Nogironligi bo‘lgan shaxslardan hujjatlar qabul qilish komissiyasi tarkibiga O‘zbekiston nogironlar jamiyati vakili ham kiritilishi mumkin.

Quyidagilar nogironligi bo‘lgan shaxslardan hujjatlarni qabul qilish komissiyasining asosiy vazifalari etib belgilanadi:

• nogironligi bo‘lgan shaxslar bilan kasbga yo‘naltirish bo‘yicha suhbatlar o‘tkazish;

• nogironligi bo‘lgan shaxslardan ariza va hujjatlarni qabul qilish.

Abituriyent oliy ta’lim muassasasining qabul komissiyasiga taqdim etishi lozim bo‘lgan hujjatlarga qo‘shimcha ravishda nogironligi bo‘lgan shaxslar nogironlikni tasdiqlovchi hujjatning aslini shaxsan (yoki ishonchli vakili tomonidan) ko‘rsatgan holda, nusxasini taqdim etishi talab etiladi.

Barcha abituriyentlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazining (keyingi o‘rinlarda Davlat test markazi deb ataladi) abituriyentlar bazasiga kiritiladi.

Davlat test markazi har yili 16 iyulga qadar nogironligi bo‘lgan abituriyentlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni Sog‘liqni saqlash vazirligiga o‘rganib chiqish uchun taqdim etadi. 

O‘rganish natijalari Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan har yili 20 iyulga qadar Davlat test markaziga ma’lum qilinadi.

O‘rganish natijalariga ko‘ra nogironligi tasdiqlanmagan shaxslar oliy ta’lim muassasalariga nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘shimcha ikki foizli davlat granti kvotalari asosida o‘qishga qabul qilish bo‘yicha kirish imtihonlari (test sinovlari, kasbiy (ijodiy) imtihon)ga qo‘yilmaydi.

Kirish imtihonlarida to‘plash mumkin bo‘lgan eng yuqori ballning 30 foizidan kam bo‘lmagan ball (56.7 ball) to‘plagan nogironligi bo‘lgan shaxslar ballar ketma-ketligiga qat’iy rioya etilgan holda, qo‘shimcha IKKI FOIZLI davlat granti kvotalari doirasida talabalikka tavsiya etiladi.

Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ajratilgan qo‘shimcha kvotalar asosida qabul qilinmagan abituriyentlar to‘plagan ballari bilan mazkur ta’lim yo‘nalishida umumiy tartibda tanlovda ishtirok etadi.