"2-3 yildan keyin talabalar turar joyi masalasi bilan vazirlik shug‘ullanmaydi" - Abduqodir Toshqulov


Talabalar boshqa vazirliklar uchun ham kadr bo‘lib borar ekan, ularga yashash joyi topish masalasi bilan boshqa vazirlik va tashkilot shug‘ullansa, oliy va o‘rta ta’lim vazirligi ta’lim sifatini ko‘tarsa bo‘lmaydimi? Vazirning javobiga ko‘ra, bu masala 2-3 yil ichida hal bo‘ladi.

Oliy ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov jurnalistlarning savoliga javob berarkan, vazirga talabalarga turar joy topib berishni oliy va o‘rta ta’lim vazirligi bo‘ynidan olib, boshqa tashkilotga berish taklifi berildi.

“Bugungi matbuot anjumanida siz bilan bizning qalblarimiz bog‘lanib ketdi. Yuragimiz tubidagilarni o‘qib yuboryapsiz. Siz aytayotgan o‘zi xorij tajribasi. Dunyoda ta’lim muassasasi faqat ta’lim va uning sifati bilan shug‘ullanadi. Biz shunga boryapmiz. Ko‘p masalalarda o‘qituvchilar tashvishdan forig‘ qilindi. Bu esa navbatdagisi bo‘ladi.

Chunki hozir TTJ qurish tadbirkorlar orqali bo‘lyapti. Ya’ni tadbirkor uni saqlaydi, qanday ta’mirlash bo‘lsa, tadbirkorning o‘zi qiladi. Bosqichma-bosqich siz aytgan narsa boshlandi. Men o‘ylayman 2-3 yilda talabalarni turar joy bilan ta’minlash bilan ham boshqa mas’ullar shug‘ullanadi. Oliy ta’lim vazirligi faqat ta’lim sifati, darslik, jahon tajribasi bilan shug‘ullanadi", – dedi Toshqulov.