O‘zbekistonda institutga kirish uchun pul to‘lash millatning savodsizlashishiga olib keladimi?


Avvalo, bitta minimal oylikni faqat ikkinchi yil o‘qishga kirmoqchi bo‘lganlar to‘laydi. Birinchi bor topshirayotganlar pul to‘lamaydi. Ikkinchidan, bunday to‘lov tavakkalchilar (masalan, hammasini A qilib belgilab chiqadiganlar) sonini kamaytiradi va hujjat qabul qilib olish jarayonini soddalashtiradi.

Televizorda doim «jahon standartlari va talablariga mos keladigan» deb boshni og‘ritishadi. Xo‘sh, bu borada jahonning rivojlangan davlatlarida qanday yo‘l tutiladi?

Dunyoning yetakchi universitetlaridan biri bo‘lmish Garvardga hujjat topshirish 75 AQSh dollari (630 ming so‘m) ekan. Ammo kam ta’minlanganlar bu pulni to‘lamas ekan. Kalgari Universitetiga hujjat topshirish 125 Kanada dollari (800 ming so‘m) ekan. Britaniyaning aksariyat universitetlariga kirish uchun esa 18 funt sterling (200 ming so‘m) to‘lash kerak ekan.

Ta’kidlash kerak, aksariyat universitetlarda o‘qishga kirolmasangiz bu pul qaytarib berilmaydi, chunki u hujjatlaringizni tekshirish va imtihon olishga sarflanadi.

Bundan tashqari, qaror loyihasida quyidagi punkt ham bor:

«Eng yuqori ballning 30 foizi va undan yuqori ballni to‘plagan abituriyentlarga fanlar bo‘yicha test sinovlari natijalari aks etgan, 3 yil muddatga amal qiladigan sertifikat berish hamda ularga uchtagacha ta’lim yo‘nalishida tanlovda ishtirok etishi uchun imkoniyat yaratish»

Ya’ni, birinchi yili kirolmasangiz, yiqqan balingiz bilan keyingi yili imtixonsiz o‘qishga kirishingiz mumkin bo‘ladi. Ya’ni, pulni faqat birinchi yili 30 foizdan kam ball to‘plaganlar yoki balini ko‘tarish maqsadida qayta imtixon topshirmoqchi bo‘lganlar to‘laydi.

Vahimaga o‘rin yo‘q. O‘zi abituriyentlarining atigi 9 foizi oliy ta’lim olishga imkoniyat yaratgan davlatda yana qanchalik savodsizlashish mumkin?

Manba: Zambarakning o‘qi telegram kanali