Urganch davlat universitetida masofaviy ta'limni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha loyiha amalga oshirilmoqda


Urganch davlat universitetida masofaviy ta'limni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha loyiha amalga oshirilmoqda. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

Universitet Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligining «Oliy ta'lim tizimini modernizatsiya qilish»​ loyihasi doirasida tashkil etilgan akademik innovatsiya fondi grantlar tanlovida ishtirok etib, «2019 ─ 2020 yillarda zamonaviy onlayn o‘quv markazi yaratish»​ loyihasi bilan Jahon bankining 50 ming dollar miqdoridagi grant mablag‘ini qo‘lga kiritdi.

Loyihaga ko‘ra, hozirda oliygohda o‘qitilayotgan fanlar, dasturlar virtual markazga joylashtiriladi. Talabalar o‘zlari istagan dasturni onlayn rejimda o‘zlashtirishlari mumkin bo‘ladi.

Loyiha ijrosi mas'ul kotibi Xosiyat Shixovaning so‘zlariga ko‘ra, real auditoriyada o‘qituvchi 100-150 nafar talabaga ma'ruza o‘qisa, bu usul orqali minglab odamlarga ma'lumot uzatish mumkin. Tadqiqotlarga ko‘ra, bitta professor 250 yil davomida erishishi mumkin bo‘lgan samaraga virtual ta'lim yordamida bir yilda erishishi mumkin.

«Hozirda markazni tashkillashtirishning texnik ishlari olib borilmoqda. 2020 yilning avgust oyida markaz o‘z faoliyatini barcha fanlar yo‘nalishida boshlaydi.

Dastlab o‘qituvchilarning o‘zi ma'lumotlarni bazaga joylashtirish, ularni onlayn ko‘rinishga o‘tkazish, samarali masofaviy ta'limni olib borish bo‘yicha malakasi oshiriladi. Xususan, Shveytsariyaning Lozanna politexnika va Ispaniyaning Kantabriya universitetlari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan»​, —​ deydi u.

O‘qish davomida onlayn test va imtihonlar asosida sinovdan muvaffaqiyatli o‘tganlar sertifikatlarni qo‘lga kiritadi. Sertifikatlar yo‘nalishi bo‘yicha tegishli tashkilotlar va korxonada ishlash huquqini beradi.

Agar mazkur dastur o‘zini oqlasa, to‘liq virtual o‘qitish tizimiga o‘tish masalasini ko‘rish rejalashtirilgan.​