Uch yillik bakalavriat va bir yillik magistraturalar joriy etiladi


O‘zbekiston Respublikasi prezidentining «Oliy ta`lim muassasalarida ta`lim sifatini oshirish va ularning mamlakatda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarda faol ishtirokini ta`minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Qarorga muvofiq, oliy ta`lim muassasalarida ta`lim sifatini tubdan takomillashtirish, ularning mamlakatda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarda faol ishtirokini ta`minlash, shuningdek, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni izchil amalga oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta`lim vazirligi, tasarrufida oliy ta`lim muassasalari mavjud vazirlik va idoralarning 2018/2019 o‘quv yilidan boshlab:

  • alohida ta`lim yo‘nalishlari bo‘yicha o‘qish muddati kamida uch yil bo‘lgan bakalavriat hamda kamida bir yil bo‘lgan magistraturani joriy etish, bunda magistraturada mutaxassislar tayyorlashni ishlab chiqarish (amaliy) (kamida bir yil) va ilmiy-pedagogik (kamida ikki yil) yo‘nalishlarga ixtisoslashgan dasturlar asosida tashkil etish;
  • oliy ta`lim muassasalari bakalavriatiga qabul qilish kvotalaridan tashqari xorijiy fuqarolarni suhbat asosida test sinovlarisiz o‘qishga qabul qilish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Oliy va o‘rta maxsus ta`lim vazirligi, tasarrufida oliy ta`lim muassasalari mavjud vazirlik va idoralarning viza talabnomalariga asosan o‘qishga kirish istagini bildirgan xorijiy fuqarolarning kirish vizalarini o‘rnatilgan tartibda konsullik va boshqa to‘lovlarni undirmagan holda rasmiylashtirsin.

2018/2019 o‘quv yilidan boshlab tayanch (yetakchi) oliy ta`lim muassasalari tomonidan tegishli ta`lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklari bo‘yicha o‘quv rejalari va dasturlarini kadrlar buyurtmachilarining ehtiyojlaridan kelib chiqib, mustaqil ravishda ishlab chiqish hamda O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta`lim vazirligi bilan kelishilgan holda tasdiqlash tartibi joriy etilsin.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta`lim vazirligi tasarrufida oliy ta`lim muassasalari mavjud vazirlik va idoralar bilan birgalikda:

a) ikki oy muddatda Oliy ta`lim muassasalarida talabalar bilimini nazorat qilish va baholash tizimi to‘g‘risidagi nizomni ishlab chiqsin va belgilangan tartibda tasdiqlasin, bunda asosiy e`tiborni:

  • baholash tizimi va mezonlarini uzluksiz ta`lim tizimining bosqichlariga muvofiqlashtirishga;
  • ta`lim yo‘nalishlarining o‘ziga xos jihatlarini inobatga olgan holda talabalar bilimini baholashning zamonaviy, shaffof va adolatli (avtomatlashtirilgan, portfolio, test sinovlari, ijodiy ish, antiplagiat va h.k.) usullarini, shu jumladan, muayyan fandan dars bergan pedagogning yakuniy nazorat jarayonlaridagi ishtirokini istisno etadigan tizimni joriy etishga;
  • semestr yakuni bo‘yicha akademik qarzdor talabaning qayta topshirishi mumkin bo‘lgan fanlar sonini belgilashga va ularni topshirish muddatini o‘zgartirishga qaratsin;

b) 2018 yil 1 dekabrgacha bo‘lgan muddatda oliy ta`lim muassasalari bitiruvchilarini yakuniy davlat attestatsiyasidan o‘tkazish tartibini yanada takomillashtirish yuzasidan tegishli normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda tasdiqlasin;

v) 2019 yil 1 martgacha bo‘lgan muddatda 2019/2020 o‘quv yilidan boshlab oliy ta`lim muassasalarida «talabaning o‘zlashtirish darajasi – professor-o‘qituvchilar faoliyatini baholashning asosiy mezoni» tamoyilini joriy qilishning aniq mexanizmlarini belgilash bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar ko‘rsin. Bunda ushbu tamoyil talablariga javob bermaydigan professor-o‘qituvchilar bilan mehnat shartnomasini bekor qilishgacha bo‘lgan choralar ko‘rish belgilansin;

g) 2018/2019 o‘quv yilidan boshlab oliy ta`lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining vaqtini o‘quv jarayoniga xos bo‘lmagan ishlarga sarflashning oldini olish hamda ularni talabalar bilan ko‘proq ishlashga yo‘naltirish, shu jumladan, «ustoz – shogird» tizimini joriy etish maqsadida o‘quv yuklamalarini hisobga olgan holda professor-o‘qituvchilar «vaqt me`yorlari»ning yangi mexanizmlarini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda tasdiqlasin.

Manba: kun.uz