Toshkentda Buyuk Britaniya bilan hamkorlikda «NCUK Foundation Tashkent» ta’lim muassasasi ochildi


Mirzo Ulug‘bek tumanida Buyuk Britaniyaning «NCUK FOUNDATION» konsorsiumi filiali bo‘lgan «NCUK Foundation Tashkent» nodavlat ta’lim muassasasining rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Unda Buyuk Britaniya qirolligining rasmiy vakillari, mamlakatning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi, O‘zbekiston Respublikasining Oliy Majlisi Senati a’zolari, Qonunchilik palatasi deputatlari, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim, Xalq ta’limi vazirliklari, Mirzo Ulug‘bek tumani hokimligi, olimlar, mutaxassislar va talabalar ishtirok etdi, deb yozmoqda Xabar.uz.

Foto: Yoshlar media markazi

Tadbirda ta’kidlanganidek, joriy yilning yanvar oyida Buyuk Britaniyaning «British Education» xalqaro ta’lim tashkiloti ta’sischiligida O‘zbekistonda tashkil etilgan «Vritish Foundation Tashkent» nodavlat ta’lim muassasasi tomonidan halqaro ta’lim standartlari asosida 50 nafarga yaqin kollej, akademik litsey va maktab bitiruvchilariga «Foundation» dasturi bo‘yicha ta’lim berish boshlandi.

Barcha o‘quv jarayonlari Buyuk Britaniyadan tashrif buyurgan malakali mutaxassislar tomonidan ingliz tilida o‘qitilmoqda. E’tiborli tomoni shundaki, mazkur ta’lim muassasasida qo‘shni davlatlardan kelgan talabalar ham tahsil olyapti.

Talabalar «NCUK FOUNDATION» dasturi asosida ingliz tili, metematika, biznes va ekonomika fanlaridan 6 oy davomida bilim oladi va Buyuk Britaniyadagi 16 ta oliy ta’lim muassasalaridan o‘zlari xohlagan universitetlarga imtixonlarsiz imtiyozli o‘qishga kirish uchun yo‘llanma beruvchi sertifikatga ega bo‘ladi.

 

Manba: xabar.uz