Toshkent davlat agrar universiteti Termiz filialiga 2.6 ball yetmay qoldi. Shu ko‘rsatkich bilan o‘qishga qabul qilinishim uchun qancha miqdorda kontrakt to‘lashim kerak bo‘ladi?


Vazirlar Mahkamasining “Oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish, talabalar o‘qishini ko‘chirish, qayta tiklash va o‘qishdan chetlashtirish tartibi to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlash haqida"gi qaroriga ko‘ra oliy ta’lim muassasalari qo‘shimcha qabulni Davlat komissiyasi qarori bilan belgilangan ko‘rsatkichlarga muvofiq to‘plagan ballari Davlat komissiyasi tomonidan belgilanadigan minimal balldan kam bo‘lmagan va asosiy qabul chegaralariga 4 ballgacha yetmagan abituriyentlar orasidan ballar ketma-ketligiga qat’iy rioya qilingan holda amalga oshiriladi.

Oshirilgan to‘lov-kontrakt amalda o‘rnatilgan to‘lov-kontrakt miqdoriga nisbatan quyidagi miqdorlarda belgilangan.

Тo‘plagan ballari tasdiqlangan to‘lov-kontrakt bo‘yicha qabul kvotalari chegarasiga:

1 ballgacha yetmagan abituriyentlar uchun — 1,5 barobar;

1,1 balldan 2 ballgacha yetmaganlar uchun — 2,0 barobar;

2,1 balldan 3 ballgacha yetmaganlar uchun — 2,5 barobar;

3,1 balldan 4 ballgacha yetmaganlar uchun — 3,0 barobar.

Demak, Siz o‘rnatilgan to‘lov-kontrakt miqdoriga nisbatan 2,5 barobar to‘lashingiz kerak bo‘ladi.