“Ta’lim tizimida 2 mingdan ortiq chet tili o‘qituvchilari lavozimi vakant bo‘lib qolmoqda” — Shavkat Mirziyoyev


Hozirda 60 ming nafar o‘zbekistonlik o‘quvchilar yetakchi xorijiy oliygohlarda tahsil olmoqda. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida chet tillarini yanada rivojlantirishga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishda ma’lum qilindi.

“2021-yilda ‘El-yurt umidi’ jamg‘armasi orqali 350 nafar yigit-qizlarimiz nufuzli xorijiy universitetlarda o‘qishi uchun stipendiyalar ajratildi. Bu o‘tgan yillarga nisbatan 5 baravar ko‘p degani.

Lekin qayd etilgan ko‘rsatkichlarga qaramay, chet tillarini o‘qitish bo‘yicha joylardagi haqiqiy ahvol oldimizga qo‘yilgan katta rejalarga mutlaqo munosib emas.

Bugungi kunda ta’lim tizimida 2 mingdan ortiq chet tili o‘qituvchilari lavozimi vakant bo‘lib qolmoqda. Shuningdek, 1 ming 400 ta maktabda chet tili o‘qitish sifati mutlaqo qoniqarsiz ahvolda. Bu ko‘rsatkich Qashqadaryoda – 380 ta, Samarqandda – 287 ta, Jizzaxda – 140 ta, Toshkent viloyatida – 120 ta, Surxondaryoda – 90 tani tashkil etadi.

Maktablarda ishlayotgan jami 53 ming nafar chet tili o‘qituvchilarining atigi 4 foizi milliy va xalqaro til bilish to‘g‘risidagi sertifikatlarga ega. Misol uchun, 18 ta tuman va shaharda, jumladan, Xonobod va Quvasoy shaharlari, Zafarobod, Mirishkor, To‘rtko‘l, Sherobod va Uzunda birorta o‘qituvchi sertifikat olmagan.

Shuningdek, jami 11 ming nafar maktab chet tili o‘qituvchilarining 49 foizi testdan o‘ta olmagan. Qashqadaryoda – 55 foiz, Jizzaxda – 53 foiz, Samarqand, Sirdaryo va Surxondaryoda – 52 foiz.

Shu bois mamlakatimizda xorijiy tillarni o‘rgatish bo‘yicha kelajak uchun mustahkam poydevor bo‘ladigan yangi tizimni yo‘lga qo‘yish vaqti-soati keldi", – dedi Prezident.