Qo‘shimcha kontrakt tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi


O‘zbekiston Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining buyrug‘i bilan Oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarida o‘qitishning to‘lov-kontrakt shakli va undan tushgan mablag‘larni taqsimlash tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi, deb yozadi Norma.

Hujjat OTMlar va talabalar o‘rtasidagi moliyaviy munosabatlar detallarini tartibga soladi.

Birinchidan, oshirilgan to‘lov-kontrakt miqdori o‘quv yili davomida o‘zgarmaydi. Taqqoslash uchun: agar o‘quv yili davomida ish haqi va stipendiyalar oshsa, oddiy miqdordagi to‘lov-kontrakt oshadi. U holda o‘quv yilining qolgan davri uchun qayta hisob-kitob qilinadi, farq esa 1 oy davomida to‘lab beriladi.

Ikkinchidan, stipendiya oshirilgan to‘lov-kontrakt bo‘yicha o‘qishga qo‘shimcha ravishda qabul qilingan talabalarga ularga darslarga qatnashishga ruxsat berilgan oyning birinchi sanasidan o‘rnatilgan tartibda belgilanadi.

Uchinchidan, oshirilgan to‘lov-kontrakt asosida talabalikka qabul qilinganlar birinchi kursning birinchi semestri davomida o‘quv intizomini va ichki tartibni buzganligi uchun talabalar safidan chetlashtirilganda ular tomonidan amalga oshirilgan to‘lovning 50 foizi qaytarib berilmaydi.

Ammo talaba o‘z xohishiga ko‘ra, boshqa o‘quv muassasasiga o‘tishi, salomatligi, sud hukmi bilan ozodlikdan mahkum etilishi va boshqa sabablarga ko‘ra o‘qishdan chetlashtirilsa, qaytariladigan to‘lov miqdori o‘quv yilining oxiriga qadar qolgan oylar sonini tegishli o‘quv yiliga tasdiqlangan o‘qitishning oshirilgan to‘lov-kontrakt miqdorining o‘n ikkidan bir qismiga ko‘paytirish orqali aniqlanadi va qaytarib beriladi.

Bundan tashqari, o‘quv yili davomida o‘qishga qabul qilingan yoki o‘qishi qayta tiklangan talabalarga stipendiya o‘quv yilining oxirigacha qolgan davr uchun to‘lanadi.

Eslatib o‘tamiz, Prezident qarori bilan O‘zbekistonda 2017/2018 o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim muassasalariga to‘lov-kontrakt pulining oshirilgan stavkasi bo‘yicha qo‘shimcha qabulni amalga oshirish joriy etilgan edi.


Manba: sof.uz