Qabul imtihonlarining testlar bazasida ayrim o'zgarishlar bo'lishi e'lon qilindi


O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 10 yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasida O‘lcham birliklarini qo‘llash to‘g‘risida"gi 21-son qaroriga muvofiq respublikamizda qo‘llashga ruxsat berilgan Xalqaro o‘lchamlar tizimi “SI" ning o‘lcham birliklari nomi va belgilanishini o‘quv, o‘quv-metodik va turli ma’lumotlar beradigan yordamchi adabiyotlarda qo‘llash nazarda tutilgan, deb yozadi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi matbuot xizmati.

Davlat test markazi mazkur qaror ijrosini ta’minlash maqsadida joriy yil oliy ta’lim muassasalari bakalavriatiga qabul test topshiriqlari bazasini shakllantirish jarayonida qo‘llaniladigan o‘lcham birliklariga qarorga muvofiq tegishli o‘zgartirishlar kiritmoqda.

Masalan, uzunlik o‘lchov birligi santimetrning qisqacha belgilanishi sm qarorga muvofiq cm ko‘rinishida qo‘llaniladi.

Qaror bilan kiritilgan o‘zgarishlarning ayrimlarini keltirib o‘tamiz:

santimetr – sm – cm;

gektar – ga – ha;

ar – ar – a;

massaning atom birligi – m.a.b – u;

millimetr simob ustuni – mm.simob.ustuni – mm Hg;

soat – soat – h;

sutka – kun – d;

kilovat-soat – kW-soat – kW-h;

amper-soat – A-soat – A-h.

Barcha bitiruvchilar va abituriyentlar mazkur o‘zgarishlardan xabardor bo‘lishlari lozim. Batafsil ma’lumotni Davlat test markazidan olish mumkin.