Prezident qarorida test tizimining kamchiliklari sanab berildi


O‘zbekiston Respublikasi prezidentining «Oliy ta`lim muassasalarida ta`lim sifatini oshirish va ularning mamlakatda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarda faol ishtirokini ta`minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Keyingi yillarda mamlakatimizda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning ustuvor yo‘nalishlariga hamda xalqaro standartlar talablariga mos keladigan oliy ta`lim tizimini yaratish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.Hududlarda yangi oliy ta`lim muassasalarining tashkil etilishi, kadrlar tayyorlashning zamonaviy ta`lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklari hamda sirtqi va kechki bo‘limlarning ochilishi, oliy ta`lim muassasalariga qabul kvotalarining oshirilishi mazkur yo‘nalishdagi muhim islohotlar hisoblanadi, deyiladi prezident qarori matnida.

Shu bilan birga oliy ta`lim muassasalarida ta`lim sifatini oshirishga, respublikada amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar, ijtimoiy va iqtisodiy sohalardagi yangilanishlarda ushbu muassasalarning faol ishtirokini ta`minlashga to‘siq bo‘layotgan bir qator muammolar saqlanib qolmoqda, deyilgan va muammolar sanab berilgan.

  • birinchidan, oliy ta`lim tizimida o‘qitishni tashkil etish jarayoni, ta`lim olayotgan talabalar bilimini baholash tizimi bugungi kun talablariga javob bermayapti;
  • ikkinchidan, professor-o‘qituvchilarning faoliyatini, bilimini va pedagogik ko‘nikmasini baholashning zamonaviy tizimi mavjud emasligi ta`lim sifatiga salbiy ta`sir ko‘rsatmoqda;
  • uchinchidan, oliy ta`lim muassasalariga kirish test savollari abituriyentning mantiqiy fikrlash qobiliyatini aniqlash imkonini bermayotganligi iqtidorli yoshlarni oliy ta`lim muassasalariga qabul qilishda muammolar keltirib chiqarmoqda;
  • to‘rtinchidan, oliy ta`lim muassasalaridagi ta`lim jarayoni ustidan samarali jamoatchilik nazoratining o‘rnatilmaganligi ushbu sohada ko‘plab muammolarning, eng avvalo, korrupsiya holatlarining saqlanib qolishiga sabab bo‘lmoqda;
  • beshinchidan, oliy ta`lim muassasalarining mamlakatda amalga oshirilayotgan keng qamrovli va tizimli o‘zgarishlardagi ishtiroki hamda tashabbuskorligi sezilmayapti, ularning ushbu yo‘nalishdagi faoliyati hanuzgacha qoniqarsiz bo‘lib qolmoqda;
  • oltinchidan, respublikamizda olib borilayotgan tub islohotlarning mazmuni va mohiyatini ommaviy axborot vositalari orqali xalqimizga, keng jamoatchilikka tushuntirishda oliy ta`lim muassasalarining faol ishtiroki yo‘lga qo‘yilmagan;
  • yettinchidan, oliy ta`lim muassasalari innovatsion va texnologik g‘oyalar bilan fikr almashadigan muloqot markazlariga aylanmagan, tegishli sohalarda mavjud muammo va kamchiliklarni tizimli o‘rganish, tahlil qilish va ularning yechimi bo‘yicha taklif kiritish borasida professor-o‘qituvchilar, yosh olimlar va talabalarning tashabbus ko‘rsatishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratilmagan.

Manba: kun.uz