Prezident farmoni: 1 sentyabrdan rahbar va pedagog kadrlarning uzluksiz malakasini oshirish tizimi joriy etiladi


O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “Oliy ta'lim muassasalari rahbar va pedagog kadrlarining uzluksiz malakasini oshirish tizimini joriy etish to‘g‘risida"gi farmonni imzoladi. 

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, o‘z tasarrufida oliy ta'lim muassasalari bo‘lgan boshqa vazirlik va idoralarning 2019 yil 1 sentyabrdan rahbar va pedagog kadrlarning uzluksiz malakasini oshirish tizimini joriy etish to‘g‘risidagi takliflari ma'qullandi.

Quyidagilar rahbar va pedagog kadrlar uzluksiz malakasini oshirish tizimining asosiy vazifalari etib belgilandi:

rahbar va pedagog kadrlarning kasbiy bilimi, ko‘nikmalari va mahoratini uzluksiz yangilab borish mexanizmlarini joriy etish, zamonaviy talablarga muvofiq oliy ta'lim sifatini ta'minlash uchun zarur darajada kasbiy tayyorgarlikni oshirish;

malaka oshirishning bevosita va kasbiy faoliyatga aloqador bilvosita shakllarini variativ va bir-birini to‘ldirish tamoyillari asosida amaliyotga joriy etishni ta'minlash va monitoring olib borish;

rahbar va pedagog kadrlarning ilmiy-pedagogik salohiyatidan kelib chiqib, ularning kasbiy ehtiyojlarini qanoatlantirishga yo‘naltirilgan uzluksiz malaka oshirishning shakllarini mustaqil tanlash va o‘zlashtirish imkoniyatini yaratish;

rahbar va pedagog kadrlarning kasbiy mahoratini muntazam oshirish asosida ularning ilmiy va amaliy tadqiqotlar, texnologik taraqqiyot hamda o‘qitilayotgan fanlar bo‘yicha innovatsiyalar, shuningdek, o‘quv jarayonini tashkil etishning zamonaviy uslublari sohalaridagi ko‘nikmalarini rivojlantirish;

yuqori samarali zamonaviy ta'lim va innovatsion texnologiyalar, ilg‘or xorijiy tajribani keng joriy etgan holda rahbar va pedagog kadrlarning malakasini oshirish bo‘yicha malaka talablari, o‘quv rejalari va dasturlarini doimiy yangilab borish, ularning faoliyatini zarur darajada tashkil etish va samaradorligini ta'minlash;

rahbar va pedagog kadrlarda Internet jahon axborot tarmog‘i, multimedia tizimlari va masofadan o‘qitish usullaridan foydalangan holda ilg‘or pedagogika, axborot-kommunikatsiya va innovatsion texnologiyalarni egallash va ularni o‘quv jarayoniga faol tatbiq etish ko‘nikmalarini rivojlantirish;

rahbar va pedagog kadrlarning chet tilini amaliy o‘zlashtirish darajasini oshirish, o‘z kasbiy mahoratini, pedagogik va ilmiy faoliyati samaradorligini muttasil oshirib borish imkoniyatlarini yaratish.

Belgilab qo‘yilishicha, rahbar va pedagog kadrlarning uzluksiz malaka oshirishi:

mutaxassislik bo‘yicha mustaqil malaka oshirish;

muqobil malaka oshirish;

ta'lim dasturlari asosida ixtisoslashtirilgan qayta tayyorlash va malaka oshirish muassasalarida bevosita o‘qish shakllarini o‘z ichiga oladi.

Bunda rahbar va pedagog kadrlarga ularning kasbiy, o‘quv-metodik va ilmiy-pedagogik faoliyati natijalaridan kelib chiqib, muqobil malaka oshirish yoki ta'lim dasturlari asosida o‘qish shakllarini tanlash imkoniyati beriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining 2019 yil 1 sentyabrdan boshlab:

rahbar va pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarida ishdan ajragan holda to‘g‘ridan-to‘g‘ri (bevosita) o‘qish umumiy davomiyligini 144 soat etib belgilash;

rahbar va pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazlarida professor-o‘qituvchilarning sonidan kelib chiqib belgilanadigan, kamida 3 ta shtat birligidan iborat ta'lim texnologiyalari kafedralarini tashkil etish;

rahbar va pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazlarida samarali dars berayotgan professor-o‘qituvchilar, tajribali amaliyotchi mutaxassislar faoliyati tahlilidan kelib chiqib, ularga bazaviy lavozim maoshining 30 foizigacha oylik ustamalar belgilash, shuningdek, mashg‘ulotlar o‘tkazish uchun soatbay ish haqi to‘lash shartlari bilan jalb etilgan malakali professor-o‘qituvchilar, tajribali amaliyotchi mutaxassislarni soatbay haq to‘lash miqdorining 20 foizigacha ko‘paytirilgan holda moddiy rag‘batlantirish;

pensiya yoshidagi, uch yoshga to‘lmagan farzandi bor ayollar hamda nogironligi bo‘lgan rahbar va pedagog kadrlarning qayta tayyorlash va malaka oshirish kurslarida o‘qishini masofaviy shaklda tashkil etish;

rahbar va pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazlarining qo‘shimcha ta'lim xizmatlari ko‘rsatish asosida ishlab topgan budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan ushbu markazlar xodimlari lavozim maoshlariga yagona tarif setkasi bo‘yicha mehnatga haq to‘lashning tasdiqlangan razryadlariga ko‘ra 200 foizgacha ustama haq to‘lash;

oliy ta'lim muassasalari pedagog kadrlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish mintaqaviy va tarmoq markazlari tuzilmasiga xalqaro hamkorlik bo‘yicha mutaxassis lavozimini kiritish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berildi.