O‘zbekistonda yana bir oliy ta’lim muassasasi tashkil etish rejalashtirilmoqda


O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 13 noyabr kuni geologiya-qidiruv ishlari samaradorligini oshirish, mineral-xomashyo va qimmatbaho metallar resurs bazasi hamda ishlab chiqarish hajmini ko‘paytirish bo‘yicha muhim strategik loyihalarni amalga oshirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi.

Yig‘ilishda kadrlar tayyorlash masalasiga ham alohida e`tibor qaratildi. Sohani zamonaviy mutaxassislar bilan ta`minlash uchun Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi huzurida ixtisoslashgan oliy ta’lim muassasasi tashkil etish, unda ilmiy izlanishlarga katta ahamiyat qaratish, ishlab chiqarish korxonalari va ta`lim tizimi o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash zarurligi ta`kidlandi.

Shuningdek, geologiya-qidiruv ishlarini ilg‘or texnologiyalar asosida tashkil etish, ishga solinmagan imkoniyatlardan foydalanish, sohaning iqtisodiy-ijtimoiy salohiyatini yanada oshirish masalalari tahlil qilindi. Vazirlik, qo‘mita va kombinatlar oldida turgan dolzarb vazifalar belgilab berildi.