O‘zbekistonda Prezident qarori bilan yangi oliy o‘quv yurti tashkil etildi


Bugun O‘zbekiston Respublikasi Prezident Shahvkat Mirziyoyev tomonidan “Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika institutini tashkil etish to‘g‘risida" qaror imzolandi. Eng e’tiborli jihati, abituriyentlardan hujjat qabul qilish jarayoni tugagan bo‘lishiga qaramasdan, 2017-2018 o‘quv yilidan boshlab ushbu universtitetda dars jarayonlari tashkil etiladi. Qarorga asosan 2017-2018 o‘quv yili uchun talabalar kontingentini Toshkent viloyatida doimiy yashayotgan Toshkent davlat pedagogika universiteti va boshqa turdosh oliy ta’lim muassasalariga hujjat topshirib, mazkur ta’lim muassasalariga belgilangan to‘lov-kontrakt kvotalari doirasida o‘qishga qabul qilinmagan mos va turdosh ta’lim yo‘nalishlari abituriyentlari hisobidan, Toshkent viloyati tumanlari ta’lim muassasalari ehtiyojlarini inobatga olgan holda shakllantirish ko‘rsatib o‘tilgan.

Ya’ni, siz Toshkent viloyatida doimiy ro‘yxatda tursangiz va Toshkent davlat pedagogika universiteti va boshqa turdosh oliy ta’lim muassasalaridagi imtihonda to‘lov-kontrakt uchun yetarli ball ololmagan bo‘lsangiz, sizda Chirchiq davlat pedagogika institutiga kirish imkoniyatingiz saqlanib qoladi. Bunda, Toshkent davlat pedagogika universiteti va boshqa turdosh oliy ta’lim muassasalaridagi kontrakt chizig‘idan pastda turgan Toshkent viloyatida doimiy ro‘yxatda turgan abituriyentlarning hammasi umumlashtiriladi, to‘plagan ballari bo‘yicha belgilangan 750 ta kvota asosida to‘lov kontrakt asosida qabul qilinadi.

Shuningdek, qarorda Toshkent kimyo texnologiya instituti qoshidagi Chirchiq akademik litseyiga tegishli Chirchiq shahar, Istiqbol ko‘chasi, 2-A uy va Chirchiq ijtimoiy-iktisodiyot kasb-hunar kollejiga tegishli Chirchik shahar, Amir Temur ko‘chasi, 104-uyda joylashgan binolari va inshootlari hududlari bilan Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika institutiga operativ boshqarish huquqi bilan bepul foydalanishga berish ko‘rsatib o‘tilgan.