O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi akademik litseylari va ularga kirish tartibi


O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 16 avgustdagi PQ-3216-son “Ichki ishlar organlari xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida" qaroriga asosan Ichki ishlar vazirligining 14 ta akademik litseyi tashkil etildi: 

  • IIVning Qoraqalpoq akademik litseyi (Nukus sh.);
  • IIVning Andijon akademik litseyi (Andijon sh.);
  • IIVning Buxoro akademik litseyi (Buxoro sh.);
  • IIVning Jizzax akademik litseyi (Jizzax sh.);
  • IIVning Qashqadaryo akademik litseyi (Qarshi sh.);
  • IIVning Navoiy akademik litseyi (Navoiy sh.);
  • IIVning Namangan akademik litseyi (Namangan sh.);
  • IIVning Samarqand akademik litseyi (Samarqand sh.);
  • IIVning Sirdaryo akademik litseyi (Guliston sh.);
  • IIVning Surxondaryo akademik litseyi (Jarqo‘rg‘on t.);
  • IIVning 1-son Toshkent akademik litseyi (Toshkent sh.);
  • IIVning 2-son Toshkent akademik litseyi (Qibray t.);
  • IIVning Farg‘ona akademik litseyi (Farg‘ona sh.);
  • IIVning Xorazm akademik litseyi (Urganch sh.).

Akademik litseylarda asosiy eʼtibor o‘quvchilarni ichki ishlar organlari xodimlari uchun zarur bo‘lgan yuksak vatanparvarlik va maʼnaviy-axloqiy fazilatlarga, dastlabki kasbiy bilim va ko‘nikmalarga ega aqlan va jismonan yetuk etib tarbiyalashga va Ichki ishlar vazirligining oliy taʼlim muassasalariga kirishlari uchun maqsadli chuqur tayyorlashga qaratiladi.

Qabul qilish tartibi

IIV akademik litseylariga o‘qishga qabul qilish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil  26 sentyabrdagi 767-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi akademik litseylariga o‘quvchilarni qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomga asosan amalga oshiriladi.

IIV akademik litseylariga umumtaʼlim muassasalarining 9-sinfini tamomlaganligi to‘g‘risida shahodatnomaga ega bo‘lgan, sog‘lig‘i jihatidan o‘qishga yaroqli deb topilgan, dastlabki, maxsus-professional tanlov va test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan nomzodlar o‘qishga qabul qilinadi.

Arizalar qabul yilining 1 fevralidan 15 apreliga qadar qabul qilinadi.

Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashga munosib hissa qo‘shgan, xizmat yoki ilmiy faoliyatida yuqori natijalarga erishgan ichki ishlar organlarining amaldagi xodimlari farzandlariga IIV akademik litseylariga kirish uchun o‘quvchilarni qabul qilishning umumiy sonidan besh foizli kvota ajratiladi.

IIV akademik litseylariga o‘qishga qabul qilish quyidagi bosqichlarda amalga oshiriladi:

  • dastlabki tanlov;
  • maxsus-professional tanlov;
  • test sinovi.

Dastlabki tanlov

  • IIV akademik litseylariga o‘qishga kirish istagini bildirgan nomzodlar tomonidan taqdim etilgan hujjatlarni o‘rganish;
  • yakka tartibda dastlabki suhbat o‘tkazish;
  • nomzodlarning individual-psixologik xususiyatlarini o‘rganish;
  • tibbiy komissiya ko‘rigidan o‘tkazish.

Nomzodlar yashash joyi bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, viloyatlar sog‘liqni saqlash boshqarmalari va Toshkent shahar sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi tomonidan tashkil etiladigan tibbiy komissiya ko‘rigidan o‘tadi.

Nomzodlarga quyidagi hollarda rad javobi beriladi

  • nomzod O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lmasa;
  • nomzod belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan bo‘lsa;
  • nomzodning sudlanganlik holati tugallanmagan yoki sudlanganlik holati olib tashlanmagan bo‘lsa;
  • nomzodga nisbatan jinoyat ishi, surishtiruv va dastlabki tergov ishlari yuritilganda, sudda jinoyat ishi ko‘rib chiqilayotgan bo‘lsa;
  • yashash joyidan, ichki ishlar bo‘limlaridan salbiy tavsiyanomalar taqdim etilganda.

Maxsus-professional tanlov

  • nomzodning orfografik va punktuatsion savodxonlik darajasini aniqlash bo‘yicha sinov o‘tkazish;
  • nomzodlarning jismoniy tayyorgarlik darajasini aniqlash bo‘yicha sinov o‘tkazish;
  • yakka tartibdagi yakuniy suhbat o‘tkazish.

Nomzodlarning orfografik va punktuatsion savodxonlik darajasini aniqlash uchun o‘tkaziladigan sinovda ulardan yozma ish (diktant) olinadi.

Yozma ish (diktant) o‘tkazish tartibi, metodikasi va baholash mezonlari O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi.

Nomzodlarning jismoniy tayyorgarlik darajasini aniqlash bo‘yicha sinov qabul komissiyasi tomonidan tegishli mutaxassislar jalb etilgan holda o‘tkaziladi.

Nomzodlarning jismoniy tayyorgarlik darajasini aniqlash bo‘yicha sinov o‘tkazish tartibi, metodikasi va baholash mezonlari O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi.

Yakka tartibdagi yakuniy suhbat qabul komissiyasi tomonidan nomzodning respublikada amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun mohiyatini anglashi, keng dunyoqarashga va intellektual salohiyatga egaligi, yetakchilik sifatlari rivojlanganligi, bilimi, aqliy qobiliyati va boshqa muhim kasbiy fazilatlarini aniqlash maqsadida o‘tkaziladi.

Yakka tartibdagi yakuniy suhbatni o‘tkazish tartibi, metodikasi va baholash mezonlari O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi.

Nomzodlarning test sinovlarini topshirishga qo‘yish masalasi maxsus-professional tanlov natijalari bo‘yicha uzil-kesil hal etiladi.

Test sinovlari

Test sinovlari belgilangan tartib asosida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha davlat komissiyasi belgilagan muddatlarda o‘tkaziladi.

Test sinovlari o‘tkaziladigan umumtaʼlim fanlari bloki O‘zbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha davlat komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi.

Nomzodlar test sinovlarini o‘zlarining tanlovi bo‘yicha uchta: davlat tili, rus tili va qoraqalpoq tilining birida topshiradilar.

Nomzodlarga beriladigan imtiyozlar

IIV akademik litseyiga O‘zbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasining qaroriga muvofiq, dastlabki va maxsus-professional tanlov natijalariga javob beradigan quyidagi nomzodlar test sinovlarisiz imtiyoz asosida qabul qilinadi:

A) tegishli ixtisoslik fanlari bo‘yicha xalqaro olimpiadalar va fan olimpiadalarining respublika bosqichi, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, Madaniyat vazirligi hamda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tomonidan o‘tkaziladigan tanlovlar va musobaqalarda g‘olib bo‘lgan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus taʼlim vazirligining O‘rta maxsus, kasb-hunar taʼlimi markazining belgilangan namunadagi guvohnomasiga ega bo‘lganlar;

B) o‘z xizmat vazifalarini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining farzandlari.

C) Terrorizm va jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda jamoat xavfsizligini taʼminlash chog‘ida halok bo‘lgan yoki olgan jarohati tufayli nogiron bo‘lib qolgan ichki ishlar organlari xodimlarining farzandlari qabul kvotalaridan tashqari, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashga munosib hissa qo‘shgan, xizmat yoki ilmiy faoliyatida yuqori natijalarga erishgan ichki ishlar organlarining amaldagi xodimlari farzandlari ajratilgan besh foizli kvotalar doirasida O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining taqdimnomasi asosida.

D) Ichki ishlar organlari amaldagi xodimlarining farzandlarini ajratilgan besh foizli kvotalar doirasida IIV akademik litseyiga qabul qilishda o‘rinlar maxsus-professional tanlov natijalari bo‘yicha to‘plangan ballardan kelib chiqib ketma-ketlik tartibida taqsimlanadi.

Ajratilgan besh foizli qabul kvotalariga qabul qilinmagan nomzodlar maxsus-professional tanlov natijalari bo‘yicha to‘plagan ballari bilan umumiy tartibda tanlovda ishtirok etadilar.

E) O‘zbekiston Respublikasi IIV ixtisoslashtirilgan maktab-internatining dastlabki tanlov natijalariga javob beradigan bitiruvchilari doimiy yashash manzili bo‘yicha maxsus-professional tanlov va test sinovlarisiz imtiyoz asosida qabul qilinadi.

Qabul qilish tartibi

IIV akademik litseylariga qabul Ichki ishlar vaziri tomonidan ichki ishlar organlarining ehtiyojini inobatga olgan holda belgilanadigan kvotalar asosida amalga oshiriladi.

Nomzodlarni IIV akademik litseyining o‘quvchilari safiga qabul qilish test sinovi natijalariga asosan amalga oshiriladi.

Bir nechta nomzodning o‘tish reyting ballari teng bo‘lgan holatlarda ular IIV akademik litseylariga belgilangan kvotadan tashqari qabul qilinadi.