O‘qishni ko‘chirish va qayta tiklashni rad etilishiga sabablar (7-qism)


7-sabab

Talabaning shaxsiy yig‘ma jildi (akademik maʼlumotnoma) belgilangan muddatlarda taqdim etilmaganda - Sizni o‘qishingiz ko‘chirilishi bo‘yicha tegishli vazirlik tomonidan tavsiya buyrug‘i chiqarildi (ro‘yxat OAVda eʼlon qilinadi). Siz shundan keyin o‘qishingizni ko‘chirgan OTMga borasiz va ular sizga aloqa xati qilib berishadi. Unda sizning o‘qishingiz ko‘chirilishi tavsiya etilganligi va shu sababli kerak hujjatlaringiz yig‘ma jildini yuborishlarini so‘rab sobiq taʼlim muassasangizga murojaat qilingan bo‘ladi.

Siz ushbu aloqa xatini olib o‘zingizni o‘qigan taʼlim muassasangizga olib borasiz va u yerdagilarga aloqa xatini taqdim etib, unda ko‘rsatilgan bir nechta turdagi hujjatlaringizni so‘raysiz. Talaba kadr hamda dekanatingizdan kerakli hujjatlarni o‘qishingizni ko‘chirgan OTMga olib borishingiz kerak, shundan so‘nggina sizga talaba sifatida buyrug‘ingiz chiqariladi.

O‘qishigizni ko‘chirgan OTM sizga kerakli hujjatlarni taqdim etish uchun maʼlum muddat beradi. Siz ana shu muddat ichida kerakli hujjatlarni taqdim eta olmasangiz yoki keyinchalik ham hujjatlarni o‘z vaqtida olib kelmasangiz o‘qishingizni ko‘chirilishi rad etiladi. Yaʼni vazirlik tomonidan o‘qishingizni ko‘chirish bo‘yicha tavsiya etilgan buyruq kerakli hujjatlarni taqdim etolmaganingiz sababli OTM tomonidan rad etiladi.

Qanday qilib OTM vazirlikning buyrug‘ini rad etishi mumkin?

Sizda ushbu savol tug‘ilishi tabiiy, "axir vazirlik yuqori turuvchi organ hisoblanadiku" deb. Gap shunda-ki, tegishli vazirlik sizning o‘qishingizni ko‘chirish bo‘yicha “TAVSIYA" buyrug‘i yuboradi. Yaʼni sizni o‘qishingiz ko‘chirilishga tavsiya etildi, biroq buyruqda "tegishli hujjatlarni taqdim etgandan so‘ng talabalar safiga qabul qilinsin" degan jumla bo‘ladi. Bu degani vazirlik tegishli taʼlim muassasasiga talabani qabul qilish to‘g‘risida mustaqil qaror chiqarish vakolatini beradi. Agar talaba hujjatlarni taqdim etolmasa o‘qishini ko‘chirishni rad etish bo‘yicha OTM tomonidan buyruq chiqarildi. Vazirlikda tavsiya buyrug‘ingiz chiqdi degani o‘qishingiz ko‘chirildi degani emas. Undan keyin ham hujjatlar yig‘ma jildini taqdim etishingiz talab etiladi.

Asos: Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 20-iyundagi 393-sonli qarori bilan tasdiqlangan Oliy taʼlim muassasalari talabalari o‘qishini ko‘chirish, qayta tiklash va o‘qishdan chetlashtirish tartibi to‘g‘risidagi Nizom.