Nodavlat ta’lim tashkilotlarida o‘qiyotgan yetim talabalarga ayrim xarajatlari uchun mablag‘ ajratiladi


Vazirlar Mahkamasining “Respublikadagi xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari filiallari va nodavlat oliy ta’lim tashkilotlarida tahsil olayotgan iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, yetim yoki ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan talabalar ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytirish to‘g‘risida"gi qarori loyihasi e’lon qilindi.

Nodavlat oliy ta’lim tashkilotlarida tahsil olayotgan yetim yoki ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan talabalarga oziq-ovqat, kiyim-kechak va sanitariya vositalarini xarid qilish uchun mablag‘larni moliyalashtirish tartibi to‘g‘risidagi nizom loyihasiga ko‘ra, bunday talabalarga oziq-ovqat, kiyim-kechak va sanitariya vositalarini xarid qilish uchun mablag‘larni moliyalashtirish bilan bog‘liq xarajatlar davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qoplanadi.

Tashkilot talabalariga ijtimoiy ta’minot uchun mablag‘lar Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligiga mazkur maqsadlar uchun rejalashtirilgan budjet mablag‘lari doirasida ajratiladi va moliyalashtiriladi.

Bunda, tashkilot joriy o‘quv yilida ijtimoiy ta’minot uchun mablag‘ oluvchi talabalar soni hamda ularga to‘lanadigan ijtimoiy ta’minot uchun mablag‘ miqdorini hisoblaydi va budjetdan zarur mablag‘larni ajratilishi yuzasidan Oliy ta’lim vazirligiga so‘rovnoma kiritadi. Oliy ta’lim vazirligi tashkilotlar tomonidan taqdim etilgan so‘rovnomalarga asosan amaldagi o‘quv yili uchun ijtimoiy ta’minot to‘lovlariga sarflanadigan mablag‘larni shartnomaga muvofiq to‘liq hajmda ular hisob raqamiga o‘tkazib beradi.

Tashkilot talabalariga ijtimoiy ta’minot uchun mablag‘larni moliyalashtirish umumiy o‘rta ta’lim muassasalari, akademik litsey, kasb-hunar maktablari, kollejlar va texnikumlarda ta’lim olayotgan to‘liq davlat ta’minotida bo‘lgan yetim bolalar va ota-onasi yoki boshqa qonuniy vakillari qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni pul nafaqalari hamda oziq-ovqat, kiyim-bosh, poyabzal va boshqa buyumlar bilan ta’minlash tartibi to‘g‘risidagi nizomda hamda uning ilovalarida belgilangan tartiblar asosida amalga oshiriladi.

Ijtimoiy ta’minot uchun mablag‘larni to‘lash bilan bog‘liq xarajatlar talabalar davlat granti yoki to‘lov-kontrakt asosida ta’lim olayotganidan qat’i nazar respublika budjeti mablag‘lari hisobiga qoplanadi va belgilangan miqdorlarda to‘lanadi.

Tashkilot rahbarlari ijtimoiy ta’minot to‘lovlari uchun ajratilgan mablag‘larni o‘z vaqtida talabalarga oyma-oy to‘lab borilishini ta’minlashga shaxsan javobgar hisoblanadi.