Milliy gvardiya harbiy-texnik institutiga qabul qanday o'tkaziladi?


“O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi harbiy-texnik institutida harbiy-professional tanlashni o‘tkazish bo‘yicha nizom" loyihasi normativ-huquqiy hujjatlarning muhokamasi portalida e`lon qilindi.

Nizomga ko‘ra, institutga nomzodlarni o‘qishga qabul qilish O‘zbekiston Respublikasi prezidenti tomonidan tasdiqlangan Butlash rejasiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qo‘mondonining Institutga qabul o‘rinlarini ajratish to‘g‘risidagi buyrug‘iga asosan amalga oshiriladi.

Institut kursantlari kontingentini sifatli butlash uchun harbiy-professional tanlash va test sinovlarini nazarda tutuvchi kompleks bosqichma-bosqich tanlash amalga oshiriladi.

Institutga o‘qishga qabul qilishni sifatli tashkil etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qo‘mondonining buyrug‘i bilan Institut qabul komissiyasi tuziladi va uning tarkibi tasdiqlanadi.

Qabul komissiyasiga Institut boshlig‘i rahbarlik qiladi. Qabul komissiyasi tarkibiga O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining tegishli sohaviy xizmat xodimlari kiritiladi.

Qabul komissiyalari qabul yilining 1 fevral kunidan 31 avgust kuniga qadar faoliyat yuritadi.

O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Kadrlar boshqarmasi tomonidan har yili 1 iyunga Institutning qabul komissiyalari bilan kelishilgan holda harbiy professional-tanlash tadbirlarini o‘tkazish muddatlari belgilangan reja-jadval ishlab chiqilib, tegishli organ va muassasalar bilan kelishilgan holda butlovchi idoralarga yuboriladi.

Harbiy-professional tanlash tadbirlari 25 iyunga qadar Institutda o‘tkaziladi.

Harbiy-professional tanlash davomida quyidagi tadbirlar tashkil etiladi va o‘tkaziladi:

  • hujjatlarni o‘rganish;
  • psixofiziologik o‘rganish;
  • tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish;
  • yozma ish (diktant);
  • kompyuter texnikasini va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini egallab olganlik darajasini tekshirish;
  • yakka tartibdagi yakuniy suhbat.

Harbiy professional-tanlash tadbirlarini o‘tkazish davomida nomzodlar turar joy va oziq-ovqat bilan ta`minlanmaydi.

Psixofiziologik o‘rganish mazkur metodikaga muvofiq qabul komissiyasi tarkibidagi psixofiziologik o‘rganish bo‘yicha kichik komissiya mutaxassislari tomonidan o‘tkaziladi. Bunda psixofiziologik o‘rganish bo‘yicha kichik komissiya tarkibiga O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining bo‘linmalarida faoliyat yuritayotgan psixolog xodimlar jalb qilinishi mumkin.

Tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi tomonidan maxsus shakllantiriladigan harbiy-tibbiy komissiya tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 21 fevraldagi 95-son qarori bilan tasdiqlangan “Tinchlik va urush davrida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish to‘g‘risidagi Nizom"ga muvofiq o‘tkaziladi.

Tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish natijalari bo‘yicha sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra nomzodning Institutda o‘qishga yaroqliligi darajasi to‘g‘risida xulosa chiqariladi.

Sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra Institutda o‘qishga yaroqsiz deb hisoblangan nomzodlar harbiy-professional tanlashning keyingi tadbirlariga qo‘yilmaydi.

Yozma ish nomzodga diktant yozdirish orqali qabul komissiyasi tarkibidagi yozma ish (diktant) o‘tkazish bo‘yicha kichik komissiya tomonidan metodikaga muvofiq o‘tkaziladi. Bunda yozma ish (diktant) o‘tkazish bo‘yicha kichik komissiya tarkibiga kasb-hunar kollejlari, akademik litseylar yoki oliy ta`lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari kelishuv asosida jalb qilinishi mumkin.

Nomzodning kompyuter texnikasi va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini egallab olganlik darajasini tekshirish kompyuter texnikasini va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini egallab olganlik darajasini tekshirish bo‘yicha kichik komissiya tomonidan metodikaga muvofiq amalga oshiriladi.

Yakka tartibdagi yakuniy suhbat metodika asosida psixofiziologik o‘rganish natijalari, yozma ish (diktant) natijalari, kompyuter texnikasi va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini egallab olganlik darajasini tekshirish natijalari hisobga olingan holda o‘tkaziladi.

Yakka tartibdagi yakuniy suhbat natijasida maksimal ball (5 ball) olgan taqdirda ham psixofiziologik o‘rganish natijalari, yozma ish (diktant) natijalari, kompyuter texnikasi va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini egallab olganlik darajasini tekshirish natijalarini qo‘shib hisoblaganda, o‘rtacha arifmetik hisobda kamida 3 ball to‘plash imkoniyatiga ega bo‘lmagan nomzodlar, o‘z xohishlariga ko‘ra, yakka tartibdagi yakuniy suhbatga kirmasligi mumkin.

Yakka tartibdagi yakuniy suhbat qabul yilining 25 iyuniga qadar kollegial prinsip bo‘yicha, Institutning qabul komissiyasi tomonidan o‘tkaziladi.

Yakka tartibdagi yakuniy suhbat natijalari bo‘yicha nomzodni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi tomonidan o‘tkaziladigan test sinovlarini topshirishga qo‘yish to‘g‘risida uzil-kesil qaror qabul qilinadi.

Umumta`lim muassasalarida boshqa chet tili (ispan, arab, fors, dari, hind, urdu, xitoy, koreys, uyg‘ur va boshqa tillar) bo‘yicha o‘qigan taqdirda nomzod test sinovlari o‘rniga Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 3 iyundagi 141-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi oliy harbiy ta`lim muassasalariga tanlash tartibi va qabul qilish qoidalari to‘g‘risidagi nizomning 3-ilovasida nazarda tutilgan tartibda Institutda yagona ko‘p balli imtihon tizimi bo‘yicha chet tilidan imtihon topshiradi. Yagona ko‘p balli imtihon tizimi bo‘yicha chet tilidan o‘tkazilgan imtihon mazkur Nizomning 5-ilovasida nazarda tutilgan mezonlarga asosan baholanadi.

Institutning qabul komissiyasi 10 iyulda nomzodlarni o‘qishga qabul qilish masalasini ko‘rib chiqadi va protokolni rasmiylashtiradi. Mazkur protokol nomzodlarni Institutga o‘qishga qabul qilish to‘g‘risidagi buyruqlarni rasmiylashtirish uchun asos hisoblanadi.

Institutning qabul komissiyasi nomzodlar belgilangan qoidalarga, harbiy va xizmat intizomiga rioya qilmagan taqdirda ularni o‘qishga qabul qilish bo‘yicha tanlashning istalgan bosqichida chetlatish huquqiga ega.

Institutga o‘qishga kirmagan nomzodlarning shaxsiy hujjatlari yig‘majildlari test sinovlari natijalari e`lon qilingan kundan e`tiboran 10 kun ichida tegishli butlovchi idoralarga qaytarib yuboriladi.


Manba: kun.uz