Jizzaxda Hindistonning Sambhram texnologiya instituti filiali ochiladi


Jizzax viloyati hokimligida 14-fevral, dushanba kuni Hindistonning Sambhram guruhining filiali hisoblanadigan Sambhram texnologiya instituti filialining ochilishi yuzasidan uchrashuv o‘tkazildi, deb xabar bermoqda viloyat hokimligi matbuot xizmati.

Uchrashuv davomida viloyat hokimi Ergash Soliyev va Hindiston delegatsiyasi rahbari Nagaraj Venkatesh Sambhram Jizzaxda Sambhram texnologiya instituti filalini ochish to‘g‘risida kelishuv memorandumini imzoladi.

O‘zA nashri yozishicha, delegatsiyasi rahbari Sambhram guruhining raisi, doktor Nagaraj Venkatesh Sambhram Hindiston va O‘zbekiston o‘rtasida har tomonlama, ayniqsa, axborot texnologiyalari sohasida aloqalar rivojanib borayotganini taʼkidlagan.

Maʼlumot uchun, Sambhram guruhi va uning filiali bo‘lgan Sambhram texnologiya instituti Hindistondagi oliy taʼlim muassasalari o‘rtasida birinchi o‘rinda turadi. Jahonning 31 mingdan ziyod oliy o‘quv yurtining orasida kuchli 300 talik qatorida.

Kuchli boshqaruv bazasi va bir xil darajada kuchli resurslar bazasiga ega bo‘lganligi tufayli Sambhram guruhi taʼlim, sog‘liqni saqlash, uy-joy qurish, mulkni rivojlantirish, mehmonxonalar va dam olish joylaridagi xizmatlari bilan keng tanilgan. 30 yillik izchil va sifatli taʼlim tajribasiga ega, dunyo bo‘ylab 7 filiali, xalqaro kampuslari — talabalar shaharchasi mavjud.

Jizzaxda tashkil etilishi mo‘ljallanayotgan institutda 6 ta fakultet bo‘lishi ko‘zda tutilgan.