Iqtisodiyot universiteti bitiruvchilariga xorij diplomi ham beriladi


Bitiruvchilar Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti va London universiteti (University of London) diplomini qo‘lga kiritadi.

Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida London universiteti (University of London) hamkorligidagi xalqaro qo‘shma taʼlim dasturini ochishga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.

Tadbirda Oliy va o‘rta maxsus taʼlim vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Moliya vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, “El-yurt umidi" jamg‘armasi rahbar va masʼul xodimlari, Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi elchixonasi va Britaniya kengashi vakillari, LSE rahbariyati kabi nufuzli mehmonlar ishtirok etdi.

Maʼlumki, Buyuk Britaniya taʼlimi va innovatsiyasi butun dunyoda o‘z yutuqlari bilan nom qozongan. London iqtisodiyot va siyosiy fanlar maktabi (London School of Economics and Political Science) Times higher Education xalqaro reytingida 27-o‘rinni, QS reytingida ijtimoiy fanlar va menejment bo‘yicha dunyoda 2-o‘rinni, bug‘alteriya va moliya yo‘nalishi bo‘yicha esa 4-o‘rinni egallab turibdi. Mazkur universitet bilan 2020 yilning 13 noyabrda hamkorlik aloqalari o‘rnatilib, memorandum imzolangan edi. Mazkur xalqaro qo‘shma taʼlim dasturi faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun TDIUda 4 bosqichdan iborat muhim jarayon muvaffaqiyatli amalga oshirildi.

Buyuk Britaniyaning 17 ta nufuzli oliy taʼlim muassasalaridan iborat London universiteti (University of London) federatsiyasi kengashi mazkur qo‘shma taʼlim dasturini maʼqulladi. London iqtisodiyot va siyosiy fanlar maktabi (LSE) akademik rahbarligi asosida TDIU va London universiteti (University of London) hamkorligidagi xalqaro qo‘shma taʼlim dasturiga qabul jarayoni 2021/2022 o‘quv yilidan rejalashtirilgan.

Dasturning o‘ziga xosligi shundan iboratki, bitiruvchilar Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti va London universiteti (University of London) diplomini qo‘lga kiritadi. O‘qitish jarayoni to‘liq ingliz tilida bo‘lib, o‘quv materiallari va yakuniy nazorat sinovlari London iqtisodiyot va siyosiy fanlar maktabi (LSE) tomonidan tayyorlanadi, baholanadi. Bu esa, o‘qish jarayonida shaffoflik va taʼlim sifatini taʼminlaydi.

Mazkur qo‘shma taʼlim dasturiga 2021/2022 o‘quv yilidan boshlab quyidagi bakalavriat taʼlim yo‘nalishlari bo‘yicha qabul amalga oshiriladi:

  • Bugalteriya hisobi va moliya (Accounting and finance);
  • Iqtisodiyot (Economics);
  • Bank ishi va moliya (Banking and finance).

Ushbu qo‘shma taʼlim dasturi bitiruvchilarga mamlakatimiz va xorijning nufuzli tashkilotlarida o‘z faoliyatlarini olib borishlariga imkoniyat yaratib beradi. Loyiha orqali talabalar eng yaxshi bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lgan holda, yangi g‘oyalar va tajribalar bilan yurtimiz kelajagiga munosib hissa qo‘shishiga ishonamiz.