Imtihonlarga qancha mablag‘ sarflanib, qancha foyda olinishi ma’lum bo‘ldi


Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida Davlat test markazi direktori Majid Karimov ma’lumot berdi.

«Har yili oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarini o‘tkazish uchun xarajat qilinadi. Bizga davlat budjetidan eng minimal mablag‘ beriladi. Imtihonlarni tashkillashtirish jarayonida o‘zimizning tayanch ekspertlarimiz, tashqaridan jalb qilinadigan ekspertlar, chet tilidan CEFR tizimi uchun ekspertlar ishlaydi. Prezident va ixtisoslashtirilgan maktablarida test o‘tkaziladi, shuningdek, fevraldan aprelgacha harbiy qismlarga borib test olamiz.

Bu xarajatlarning hammasi — 30 milliard so‘mdan oshadi. Bu faqat test jarayonlari va xodimlarga to‘lanadigan mablag‘lar.

Bundan tashqari moddiy-texnik baza uchun sarflanadigan xarajatlar ham bor. Har yili 2 milliondan ortiq test materiallari chop etiladi va tekshiriladi. Bunda noyob qurilmalar, xususan Yaponiyadan keltirilgan skantron jihozi qo‘llanadi. Bu juda nozik qurilma, o‘tgan yili ochiq havoda imtihon o‘tkazilganidan keyin, uning zahira qismlarini, qog‘ozdagi ma’lumotlarni «o‘qiydigan» sezgir optik vositalarini to‘liq almashtirishga to‘g‘ri keldi. Chunki ochiq havoda shamol bo‘lgani tufayli javob varaqalari qum, chang zarralari bilan qoplangan holda keldi.

Moddiy-texnik bazani yangilab borish uchun sarflanadigan shu kabi xarajatlar bilan bog‘liq raqamlar DTMning saytida e’lon qilib boriladi».

Majid Karimovning ma’lum qilishicha, o‘tgan yili qabul jarayonlaridan 90 milliard so‘m atrofida pul tushgan.