Endi toʻlov-kontraktning 50 foizi toʻlangach, abituriyent OTMga oʻqishga qabul qilinadi


Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida"gi qarori loyihasi joylashtirildi.

Loyihaga asosan “Oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish, talabalar oʻqishini koʻchirish, qayta tiklash va oʻqishdan chetlashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlash haqida"gi qaroriga quyidagicha oʻzgartirishlar kiritiladi:

Iqtisodiyot tarmoqlarida kamida besh yil ish stajiga ega boʻlgan fuqarolarni ish faoliyatiga mos boʻlgan taʼlim yoʻnalishlarining sirtqi va kechki taʼlim shakliga suhbat natijalariga koʻra tabaqalashtirilgan toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga qabul qilish belgilangan tartibda amalga oshiriladi;

Oliy taʼlim muassasalarining takliflariga muvofiq, ularning imkoniyatlaridan kelib chiqib, Davlat komissiyasi qarori asosida abituriyentlar belgilangan kvotadan tashqari qoʻshimcha va oshirilgan toʻlov-kontrakt asosida oʻqishga qabul qilinishi mumkin.

Oliy taʼlim muassasalari qoʻshimcha qabulni Davlat komissiyasi qarori bilan belgilangan koʻrsatkichlarga muvofiq toʻplagan ballari Davlat komissiyasi tomonidan belgilanadigan minimal balldan kam boʻlmagan va tanlagan yoʻnalishlari boʻyicha asosiy qabul chegaralariga 4 ballgacha yetmagan abituriyentlar orasidan ballar ketma-ketligiga qatʼiy rioya qilingan holda amalga oshiradi.

Bunda, toʻlov-kontrakt miqdori amalda oʻrnatilgan miqdorga nisbatan quyidagicha belgilanadi:

toʻplagan ballari tasdiqlangan toʻlov-kontrakt boʻyicha qabul kvotalari chegarasiga bir ballgacha yetmagan abituriyentlar uchun –1,5 barobar;

1,1 balldan 2 ballgacha yetmaganlar uchun – 2,0 barobar;

2,1 balldan 3 ballgacha yetmaganlar uchun – 2,5 barobar;

3,1 balldan 4 ballgacha yetmaganlar uchun – 3,0 barobar.

Davlat komissiyasi tomonidan belgilangan muddatlarda ushbu miqdorlar boʻyicha toʻlov-kontrakt shartlari birinchi oʻquv yili uchun kamida 50 foizi bajarilgandan soʻng abituriyent oliy taʼlim muassasasi rektorining buyrugʻi bilan oʻqishga qabul qilinadi.