Endi Sharqshunoslik universitetida ham jurnalistlar tayyorlanadi


O‘zbekistonda jurnalist kadrlar tayyorlovchi oliy ta’lim muassasalari safi yana bittaga ko‘paydi. 2020/2021 o‘quv yilidan boshlab, Toshkent davlat Sharqshunoslik universitetida Jurnalistika yo‘nalishiga abituriyentlarni qabul qiladi. Shuningdek, joriy o‘quv yilidan boshlab universitetda bakalavriat bo‘yicha jurnalistikadan tashqari yana 3 ta yangi ta’lim yo‘nalishi ochildi. Bu haqda AOKA bo‘lib o‘tgan brifingda Sharqshunoslik universiteti rektori Gulchehra Rixsiyeva ma’lum qildi.

Anjumanda aytilishicha, 2020-2021 o‘quv yilidan boshlab tarmoqlar va mehnat bozori talablari hamda ilg‘or xorijiy tajribalar asosida bakalavriatda yangi 4 ta ta’lim yo‘nalishi ochildi.

Jumladan:

  • Matnshunoslik va adabiy manbashunoslik;
  • Jurnalistika: xalqaro jurnalistika;
  • Gid hamrohligi va tarjimonlik faoliyati (sharq tillari);
  • Turizm (faoliyat yo‘nalishlari bo‘yicha)

Rektorning ta’kidlashicha, OTMda yangi 2 ta mutaxassislik – Etnografiya, etnologiya va antropologiya hamda Turizm (yo‘nalishlar va faoliyat turlari) bo‘yicha qabul kvotalari shakllantirilgan. 2020/2021 o‘quv yilidan boshlab birinchi bosqich talabalari uchun o‘quv jarayoni kredit-modul tizimiga o‘tkazish maqsadida yangi o‘quv rejalari ishlab chiqilgan.

Mazkur o‘quv rejalarida YeCTS (Yevropa kredit transfer tizimi)ga muvofiq bakalavr darajasida talaba 240 ta va magistraturada 120 ta kredit fanlarni o‘zlashtirishi belgilangan.

Bu yildan boshlab universitetga o‘qishga qabul qilishda turk, arab, fors, dari, hind, urdu, xitoy, koreys, uyg‘ur, yapon tillaridan test sinovlari o‘tkazilishini yo‘lga qo‘yish uchun Davlat test markazi bilan hamkorlikda test materiallari bazalari yaratilgan.

Shuningdek, mazkur OTM doktoranturasiga qabul kvotasini 23 taga ko‘paytirish, Xalqaro munosabatlar va tashqi siyosat tarixi; Etnologiya, etnografiya va antropologiya ixtisosliklari bo‘yicha oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlashni tashkil etish bo‘yicha takliflar kiritilgan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miziyoyevning joriy yil 16 aprel kuni imzolagani qaroriga muvofiq Toshkent davlat Sharqshunoslik institutiga “universitet" maqomi berilgan edi.

Ma’lumot o‘rnida, bugungacha O‘zbekistonda Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston milliy universiteti, Jahon tillari universiteti hamda Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetlarida jurnalistika yo‘nalishi mavjud edi.