«Dunyoda buncha dars o‘tadigan OTM ham, maktab ham yo‘q» - Jamshid Qo‘chqorov darslarni kamaytirish kerakligini aytdi


Toshkentdagi maktablarda o‘quvchilarning bitta sinfdagi o‘rtacha soni 31 nafarga yetgan. Bosh vazir o‘rinbosari sinflarda o‘quvchilar sonini kamaytirish borasida deputatlar savoliga javoban, ko‘riladigan choralar qatorida darslar sonini ham keskin qisqartirishni taklif qildi. “O‘zbekiston darslar soni bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinda turadi", dedi Qo‘chqorov.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida so‘zga chiqqan bosh vazir o‘rinbosari – iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorov deputatlarning sinflardagi o‘quvchilar sonini qisqartirishga doir savollariga javob berdi.

«Bu yil maktablarimizni adashmasam 500 ming bola bitiryapti. Birinchi sinfga esa qariyb 700 ming bola kelyapti. O‘tgan yili tug‘ilgan bolalar, xudoga shukr, 905 ming… Ya’ni 7 yildan keyin birinchi sinfga 905 ming bola keladi.

Hozir 11 ta sinfda jami o‘quvchilarimiz 6,2 million bo‘lsa, har bir sinfda o‘rtacha 550 ming o‘quvchi bor. Taxminan 5 yillardan keyin har bir sinfda 700 minglar atrofida bola bo‘ladi. Ya’ni o‘quvchilar soni 7 million bo‘ladi. Va hokazo…

Shuning uchun bitta sinfdan 36-40 nafar o‘quvchini kamaytirish uchun ko‘p o‘ylayapmiz. Ko‘p ishlarni qilishimiz kerak. Hurmatli vazirimiz [xalq ta’limi vaziri Baxtiyor Saidov nazarda tutilmoqda – tahr.] ham bu haqda aytdilar.

[Bundan tashqari], darslarning sonini keskin qisqartirishimiz kerak. Dunyoda buncha ko‘p dars o‘tadigan oliy ta’lim muassasasi ham, maktab ham yo‘q. Faqat O‘zbekiston darslar soni bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinda turadi. Shuning uchun darslar sonini qisqartirib, muammoni hal qilishimiz mumkin», – deydi Jamshid Qo‘chqorov.

Ma’lumot uchun, 2021/22 o‘quv yili boshiga umumta’lim muassasalarida tahsil olayotgan o‘quvchilarning bitta sinfdagi o‘rtacha soni 25 nafarni, Toshkent shahrida esa 31 nafarni tashkil etgan.

Statqo‘m o‘tgan hafta e’lon qilgan bu statistikada hududlar va sinflar kesimidagi o‘quvchilar soni, xususan jami sinflarning qanchasidan me’yordan ortiq o‘quvchi o‘qiyotgani haqida ma’lumot berilmagan. Ya’ni O‘zbekistondagi nechta sinfda 40 nafardan ortiq o‘quvchi o‘qiyotgani ma’lum emas.

Qonunchilikka ko‘ra, umumta’lim maktablarida bitta sinfdagi o‘quvchilar soni 35 nafardan ortib ketishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Biroq qator maktablarda, xususan Toshkent shahrida maktab va pedagoglar yetishmovchiligi sabab bu me’yorga amal qilinmaydi.