Bilimlimi yoki aqlli?


Biz o‘rganayotgan muammo

Ma’lumki o‘smir yoshlarni turli hil buzg‘unchi mafkuralardan, narkomaniya, diniy fundamentalizm, terrorizm kabi illatlardan himoya qilish, ularni vatanparvar va insonparvarlik ruhida, komil inson qilib tarbiyalash jamiyatimizning eng dolzarb masalasiga aylangani ayni haqiqat.

Agar ahamiyat bersak, biz o‘quv yurtlarida o‘quvchilarimizga bilim beryapmiz. Ya’ni asosiy urg‘u farzandlarimizni bilimdon qilishga qaratilmoqda. Bizning ta’lim tizimidagi mana shu bir yoqlamalik juda ko‘p salbiy oqibatlarga olib kelmoqda.

To‘g‘ri, o‘quvchilarimiz va talabalarimiz turli xalqaro fan olimpiadalari, san’at konkurslarida yuqori o‘rinlarni olib kelmoqda. Lekin keyinchalik bu yoshlarimiz buyuk olim yoki san’atkor bo‘lib yetishib chiqmayaptilar. Chunki ularda faqat bilim bor xolos.

Biz ularni daho qilib tarbiyalashimiz uchun esa ruscha aytganda “Ix nado vospitat tak, chtobi oni imeli analiticheskiy sklad uma, umeli mislit logicheski a takje imeli bogatuyu fantaziyu".

Men ta’limdagi bir yoqlamalik deganda shuni nazarda tutgan edim. Biz farzandlarimizni bilimli bo‘lishi uchun intilyapmiz. Lekin “– Nima qilsak ular aqlli bo‘ladi ?" –degan savol ochiqligicha qolmoqda. Yoshlarimiz o‘z hayotlarida duch kelayotgan minglab informatsiyani tahlil qilib sarak va puchakka ajratishlari uchun faqat bilimli bo‘lishlari yetarli emasligini hayotning o‘zi ko‘rsatib turibdi.

Biz farzandlarimizda kitobga qiziqish uyg‘otish kerakligini tinmay gapiryapmiz. Lekin avval ularda kitob o‘qishga “ehtiyoj" uyg‘otish lozimligini unutib qo‘yayapmiz.

Yoshlarni turli internet o‘yinlaridan qaytarmoqchi bo‘lyapmiz. Lekin ularga bu o‘yinlardan qiziqroq boshqa narsa taklif qila olmayapmiz.

“Inson dunyoni ham, Allohni ham o‘z aqli bilan taniydi" – degan buyuk ibora bor. Demak farzandlarimizni avvalo aqlli qilib tarbiyalashga eng asosiy e’tiborni qaratishimiz kerak. Aqlli bola esa har qanday fanni qiyinchiliksiz o‘zlashtira olishi oydek ravshan.

Biz o‘tmishda o‘tgan buyuk ajdodlarimiz bilan fahrlanamiz. Lekin o‘zimiz ularning mos davomchilari bo‘la olmayapmiz. Dunyoga “-mana biz yaratgan kashfiyot" – deb ko‘rsatadigan biron bir arzirlik kashfiyot qilganimiz yo‘q.

“Mana biz yaratgan nodir adabiyot na’munasi" – deb ko‘rsatadigan, dunyo adabiyoti darajasidagi birorta kitobimiz yo‘q. Biz yaratgan filmlar dunyo ahli tugul, xatto o‘zimizning ham asabimizga tegadigan darajada sayoz va bachkana.

Biz o‘qituvchilarmiz. Dunyoning hamma xalqlarida ustoz doim ota bilan teng darajada qaraladi. Shu vaqtgacha biz o‘quvchilarimizdan o‘zimizga otalarga bo‘lishi kerak bo‘lgan hurmatni talab qildik. Bugun biz o‘quvchilarimizga ota va ona qilishi kerak bo‘lgan ishni, ya’ni butun mehrimiz, salohiyatimiz, kerak bo‘lsa umrimizni ularga atashimiz kerak. Yuqoridagi aytilgan dunyoga ko‘z ko‘z qilsa bo‘ladigan narsalarni, biz tarbiyalagan o‘quvchilar yaratishi kerak. Demak biz davr talabi, Prezidentimiz istayotganidek ish uslubimizni mutlaqo o‘zgartirishimiz, o‘z ustimizda tinmay ishlashimiz lozim bo‘ladi.

Bu postda men farzandlarimizni aqlli qilib tarbiyalashning bir necha usulini e’tiboringizga havola qilyapman. Farzandlarimiz va ularning ustozlari bu mashqlardan samarali foydalanishlariga ishonaman. Ulardan bundanda samaraliroq, bundanda qiziqroq usullar yaratilishini kutib qolaman. Barcha o‘qituvchilarimiz o‘z ishlariga ijodkorlik bilan yondashsalar o‘quvchilarimiz o‘zlarining “Dunyoda xech kimdan kam emas" ligini ko‘rsatib qo‘yadilar.

Muammoning yechimi

Bu post bolalarni aqlli qilib tarbiyalashga mo‘ljallangan 3 qismli mashg‘ulotning birinchi qismi bo‘lib, u bolalarni analitik fikrlashga o‘rgatadi. Unda turli mashqlarda berilgan informatsiyani tahlil qilish orqali yechim topilishi talab etiladi.

Har bir mashq tahlil qilishning yangi bir yo‘lini o‘rgatadi. Mashqlar yetti hil yo‘nalishda bo‘lib, bolalar uchun tushunarli so‘zlardan tuzilgan va yechimni topish uchun aqlni ishlatishga majbur etadi. Mashqlar soddaligi uchun bolalarning o‘zlari ham shunday mashqlarni tuza oladilar. Mashqlar bolalarda qiziqishni kuchaytirish uchun ular jozibali shaklda berilgan. Yechimlarni topish esa har safar orginallikni talab etadi. Bu mashqlar aynan soddaligi, jozibadorligi va orginal yechimlari bilan bolani o‘ziga maftun etishi va ularning ham shunday go‘zal narsalar yaratishga da’vat etishi eng asosiy maqsad qilib olingan. Bunday mashqlar tuzish uchun esa bolalar albatta kitob o‘qishga, bilmagan narsalarini so‘rab surishtirishga majbur bo‘ladi. Yangi mashqlar tuzganda esa ularda “Ijod zavqi" deb ataluvchi tuyg‘u uyg‘onadi va bu zavq ular umrining ohiriga qadar saqlanib qoladi. Hammaga ma’lumki masala yechishdan, masala tuzish qiyinroq, demak o‘quvchilar har bir yangi masala tuzishi bilan zukkoroq bo‘lib boraveradilar.

1. Bu mashq “Bir so‘z bilan uch so‘z tuz" deb ataladi. Bu mashqda qavs ichidagi SO‘Z ni topish talab etiladi. Bu qavs oldidagi so‘zning oxiri, qavsdan keyingi so‘zning esa boshi bo‘lishi kerak. Demak qavs ichidagi so‘zni topsak yana ikkita so‘zni xosil qilamiz. Bu yerda hosil bo‘ladigan har uch SO‘Z ham kim? yoki nima? so‘rog‘iga javob bo‘ladigan SO‘Z lardir.

Masalan: Ha ( ) oit

Javob: Shar. Shunda birinchi SO‘Z Hashar ikkinchi so‘z esa Sharoit bo‘ladi.

Bu mashq uchun yana ikkita misol.

1) Naq ( ) iq

2) Mo‘y ( ) pir

Mashq bir masalani uch hil usulda yechish mumkinligini o‘rgatadi.

2. Bu shart “Juftini top" deb ataladi. Bunda berilgan ikki juftlikni tahlil qilib, ular qanday xususiyatlarga ko‘ra JUFT bo‘lishi topiladi. Huddi shunday xususiyatli so‘zni topib, uchinchi JUFT lik hosil qilinadi.

Masalan:

Surxondaryo – Termiz, Sirdaryo – Guliston, Xorazm - ...?

Javob: Urganch. Bu yerda juftliklar viloyat-viloyat markazi ko‘rinishida tuzilgan. Shu mashqqa doir yana ikkita misol:

1) AQSh – burgut, Avstraliya – kenguru, O‘zbekiston - ...?

2) O‘rik – dovuchcha, Paxta – ko‘sak, Qovun - ...?

Bu mashqni yechish uchun o‘quvchi dastlabki juftlik uchun qonuniyatni topadi. Keyin bu qonuniyat ikkinchi juftlik uchun to‘g‘ri kelish kelmasligini aniqlaydi. Agar to‘g‘ri kelsa uchinchi juftlikka mos so‘zni topishga urinadi.

3. Bu shart “Yangi so‘z yasa" deb ataladi. Bunda birinchi satrdagi qavs tashqarisidagi ikki so‘zdan harflar shunday tanlab olinganki, qavs ichidagi so‘z xosil qilingan. Ikkinchi satrdagi ikki so‘zdan ham xuddi yuqoridagidek usulda harflar tanlab olinsa, qavs ichida qanday so‘z hosil bo‘lishi topish kerak.

Misol: Bo‘ri (bo‘yoq) quyon.

Rashk ( ) mast

Javob: Rasm

Shu mashqqa doir yana ikki misol:

1) Insho (shimol) mulk

Olcha ( ) rukn

2) Samo (dazmol) yulduz

Gado ( ) ishqor

Bu mashq o‘quvchilarda formulalar bilan ishlash malakasini hosil qiladi.

4. Bu mashq “Ortiqcha so‘zni top" deb ataladi.

Bu mashqda berilgan to‘rta so‘zdan uchtasi qandaydir umumiylikka ega. Bittasi esa bu hislatga ega emas. Umumiylikka bo‘ysunmagan shu so‘zni aniqlash kerak.

Misol: Laylak, g‘oz, o‘rdak, oqqush.

Javob: Laylak. Chunki qolgan uchta qush suvda suzadi.

Bu mashq uchun yana ikki misol:

1) Sirdaryo, Amudaryo, Qashqadaryo, Surxondaryo.

2) Dutor, Tanbur, Doira, Rubob.

Bu mashq so‘zlarni tahlil qilib, ularning xususiyatlarini, ularni birlashtiruvchi, umumiy qonuniyat nima ekanligini topishga o‘rgatadi.

5. Bu shart “Hayolga kelmaydigan savollar" deb ataladi. Bu mashqni yechish uchun umumiy bir qoida yo‘q. Har birini yechish uchun alohida yondashuv talab etiladi.

Misol: Tumov, mo‘ylov, palov, yaylov.

So‘zlarni ingliz tilida so‘zlashuvchi kishiga aytsak, u qaysi so‘zni tushunmaydi.

Javob: Palov, chunki qolgan so‘zlarning ingliz tilida huddi shunday aytiluvchi jufti bor.

Bu mashqqa doir yana ikki misol:

1) Qaysi mamlakatlarda o‘quvchilarga boshlang‘ich sinflarda harf o‘rgatilmaydi?

2) Oy bilan quyosh qachon bir biriga ko‘rinmaydi?

Bu shart eng oddiy ko‘ringan narsalardan ham aqlni charxlovchi narsa topish mumkinligini o‘rgatadi.

6. Bu shart “Beshinchisini top" deb ataladi.

Bu mashqda berilgan to‘rt so‘z mantiqiy qatorni tashkil etib, xuddi shu shartni bajaruvchi yagona beshinchi so‘zni topish talab etiladi.

Masalan: Bosh, ko‘rsatgich, o‘rta, nomsiz, ....?

Javob: Jimjaloq.

Shu mavzuga oid uch topshiriq.

1) Hayrat-ul Abror, Xazonul-ul Maoniy, Farhod va Shirin, Saddi Iskandariy, ....?

2) Yo‘lbars, Qoplon, Mushuk, Puma, ....?

3) Bo‘ri, Tulki, Qarg‘a, Chumchuq, ....?

Bu mashq berilgan informatsiyani tahlil qilib, uning qaysi unsur asosida tanlanganini aniqlashni o‘rgatadi.

7. Bu shart “Qulog‘ingga ishonma" deb ataladi.

Bu mashq ayrim jumlalarning aytilganda boshqacha eshitilishi, yozilganda esa butunlay boshqa ma’no berishiga asoslangan.

Tasavvur qilingki, kompyuterda matn terayotgan qizga dugonasi qo‘lyozmani o‘qib bermoqda. U esa eshitganini yozmoqda. Biz shu qizning tergan matni aslida qanday yozilishi kerakligini va to‘g‘ri matndan topishmoq javobini topishimiz kerak. Bu turdagi topishmoqlar ruslarda keng tarqalgan. Ulardan eng mashhuri aytilganda shunday eshitiladi.

Chto delayet slon, yesli viydet Napoleon?

Bu topishmoq qo‘lyozmada:

Chto delayet slon, yesli viydet na pole on?

Shaklida yozilgan bo‘lgan. Demak yozayotgan qiz ikkita “Probel"ni qo‘ymasdan ketgan. Bu turdagi topishmoqning o‘zbekcha variantlari:

1) “Qo‘ng‘irot!" deb qichqirganda samolar titrar,

Toping qaysi paxlavon o‘z otini chaqirar?

Qo‘lyozmada bu topishmoq quyidagicha bo‘lgan.

“Qo‘n G‘irot!" deb qichqirganda samolar titrar,

Toping qaysi paxlavon o‘z otini chaqirar?

Javob: Alpomish

Keltirilgan misollarimizdan ko‘rinib turibdiki, topishmoqda bir yoki ikki “Probel" noto‘g‘ri qo‘yilgan yoki umuman quyilmagan. Bu turdagi mashqni yechish uchun avvalo “Probel"larni to‘g‘ri qo‘yib olishimiz kerak ekan. Shu mashqqa doir ikki misol:

1) Bir hayvonning bolasi, tutib olib boylansa,

U nimadir? Atrofida onasi gir aylansa.

2) Qirdagi sichqonlarni tulki poylardi mushtoq,

Birin tutdi. Juftakni rostlagani juftmi, toq?

Bu mashqlar o‘quvchilarni axborotdagi har bir so‘zga alohida e’tibor bilan qarashga, she’riyatning eng nozik jihatlaridan biri, undagi har bir so‘z o‘z vazniga ega ekanligini anglashga o‘rgatadi.

Biz qilishimiz kerak bo‘lgan ish

Tanlovda e’lon qilingan postlarning birida “Bizning ajdodlarimiz buyuk allomalar bo‘lganlar. Shu sababli bizdan yana buyuk allomalar chiqishi aniq" – deb ta’kidlangan.

Lekin biz kutib o‘tiraversak ular hech qayerdan paydo bo‘lib qolmaydilar. Allomalarni biz tarbiyalab, yetishtirishimiz kerak. Hozircha dunyo bizni ajdodlarimiz yaratgan tarixiy obidalar va o‘lmas ta’limotlar orqali taniyapti. Lekin dunyo O‘zbekistonni biz bugun yaratgan buyuk asarlar va ixtirolar orqali tanishlari uchun harakat qilishimiz kerak. Buning uchun esa farzandlarimizni aqlli qilib tarbiyalashni bugundan boshlashimiz kerak.

Mashqlar bilan tanishib chiqdingiz. Farzand (o‘quvchi)laringizga ham ularni o‘rgating. Haftasiga hech bo‘lmaganda turli mashqlarda kamida beshta yangi mashq tuzishini nazorat qiling. Bolangiz uch oydan keyin a’lochiga aylanadi. Unga kelajakda Oliy o‘quv yurtiga kirishi uchun hech qanday repetitor kerak bo‘lmaydi. O‘quv yurtining ham eng ilg‘or talabasi bo‘ladi.

Maqola boshida yapon, nemis va yahudiylarni aqlli xalq deb ta’kidladik va “Ho‘sh bizchi ?" – deb so‘roq qo‘ydik. Javob esa bunday:

BIZ ENDI AQLLI BO‘LAMIZ!

Sitora Isomutdinova