2 yilda 25 ta maxsus maktab-internat quriladi


2022 yil 14 aprel kuni «Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi ixtisoslashtirilgan maktablar tarmog‘ini kengaytirish to‘g‘risida»gi prezident farmoni imzolangan.

Farmonga ko‘ra, Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimida:

  • 2022 yil 1 sentyabrgacha vazirlik, idora va tashkilotlar tasarrufida bo‘lgan ta’lim muassasalari negizida 19 ta ixtisoslashtirilgan maktab-internatlari hamda 141 ta ixtisoslashtirilgan maktablar;
  • 2023 yil 1 iyungacha Xalq ta’limi vazirligi tasarrufida bo‘lgan va faoliyati tugatilgan Mehribonlik uylari va Bolalar shaharchalari negizida 5 ta ixtisoslashtirilgan maktab-internatlar hamda 3 ta ixtisoslashtirilgan maktablar tashkil etiladi.

2022–2024 yillarda Agentlik tizimida 25 ta ixtisoslashtirilgan maktab-internat quriladi.

2022/2023 o‘quv yilidan Xalq ta’limi vazirligi tizimidagi ayrim fanlarni chuqur o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktablar negizida ayrim fanlar chuqur o‘qitiladigan sinflari mavjud umumiy o‘rta ta’lim maktablari tashkil etiladi.

Agentlik maktablariga qabul parametrlari bir sinfda o‘quvchilarning eng ko‘p soni 24 nafardan oshmasligini hisobga olgan holda Agentlik tomonidan belgilanadi.

2022/2023 o‘quv yilida Agentlik maktablarining aniq fanlar yo‘nalishiga qabul 5–11-sinflarga, tabiiy fanlar yo‘nalishiga 7–11-sinflarga, keyingi o‘quv yillarida tegishincha 5- va 7-sinflarga amalga oshiriladi.

Agentlik maktablariga o‘quvchilarni qabul qilish aniq va tabiiy fanlar, xorijiy tillar hamda mantiqiy fikrlash bo‘yicha o‘tkaziladigan kirish imtihonlari natijalariga ko‘ra amalga oshiriladi.

Ro‘yxati Agentlik tomonidan tasdiqlanadigan xalqaro, mintaqaviy yoki asosiy fan olimpiadalarining uchinchi (viloyat) bosqichida g‘olib bo‘lgan (1, 2, 3-o‘rin) umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va boshlang‘ich professional ta’lim tashkilotlari o‘quvchilari o‘zi ta’lim oladigan hududida joylashgan Agentlik maktablariga umumiy qabul parametrlari doirasida kirish imtihonsiz o‘qishga qabul qilinadi.

Agentlik maktablarida aniq va tabiiy fanlar bilan bir qatorda O‘zbekiston tarixi fani chuqurlashtirilgan holda o‘qitiladi.

Agentlik maktablari direktorining ixtisoslik fanlari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimi o‘rniga «Maktab maslahatchisi» lavozimi joriy etiladi.

Agentlik tizimidagi ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarda o‘quvchilar uchun autsorsing asosida bepul sog‘lom ovqatlanish tashkil etiladi.

Agentlik maktablariga rahbar va pedagog kadrlarni ishga qabul qilish uch bosqichli tanlov (saralash bosqichi, test sinovi va suhbat) asosida amalga oshiriladi.

2022/2023 o‘quv yilidan Agentlik maktablarida sun’iy intellekt, robototexnika, agrotexnologiya, nanotexnologiya, biotexnologiya, IELTS, TOEFL va SAT bo‘yicha qo‘shimcha kurslar tashkil etiladi.

Agentlik huzuridagi Pedagogik mahorat va xalqaro baholash markazi Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markazi (markaz) etib qayta nomlandi.

Markaz umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va professional ta’lim tashkilotlari pedagog kadrlarining bilim darajasi hamda kasbiy mahoratini baholaydi.

Markaz tomonidan pedagog kadrlarning bilim darajasi va kasbiy mahoratini baholash barcha talabgorlar uchun shartnoma asosida amalga oshiriladi.

Baholash natijasi bo‘yicha 2 yil muddat davomida amal qiluvchi «Ilg‘or o‘qituvchi», «Ustoz o‘qituvchi» hamda «Professional o‘qituvchi» darajali sertifikatlar beriladi.

Mazkur sertifikatni olgan pedagog kadrlariga quyidagi miqdorda qo‘shimcha haq to‘lanadi:

  • «Ilg‘or o‘qituvchi» darajali sertifikatni olgan pedagog kadrlarga ularning bazaviy tarif stavkasiga nisbatan har oylik 50 foiz miqdorida;
  • «Ustoz o‘qituvchi» darajali sertifikatni olgan pedagog kadrlarga ularning bazaviy tarif stavkasiga nisbatan har oylik 70 foiz miqdorida;
  • «Professional o‘qituvchi» darajali sertifikatni olgan pedagog kadrlarga ularning bazaviy tarif stavkasiga nisbatan har oylik 100 foiz miqdorida.

Ushbu sertifikatlarni olgan pedagog kadrlar Agentlik tizimidagi ta’lim muassasalariga ularning malaka toifasidan qat’i nazar ishga qabul qilinadi.