Oliy harbiy taʼlim muassasalariga abituriyentlar saralanmoqda


O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 3 iyundagi “O‘zbekiston Respublikasi oliy harbiy taʼlim muassasalariga tanlash tartibi va qabul qilish qoidalari to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida"gi qaroriga muvofiq shu kunlarda joylardagi Mudofaa ishlari boshqarmalarida oliy harbiy taʼlim muassasalariga abituriyentlarni saralash tadbirlari davom etmoqda. Jumladan, Toshkent shahar Mudofaa ishlari boshqarmasida ham jarayon qizg‘in. Saralash tadbirlari karantin qoidalariga rioya qilingan holda olib borilyapti.

Darhaqiqat, bugun oliy harbiy taʼlim muassasalariga o‘qishga kirish istagida bo‘lgan yoshlar safi tobora kengayib bormoqda. Bu ular o‘rtasida sharafli kasbga havas va ishtiyoq yuqoriligidan, vatanparvar yoshlar safi ortayotganidan dalolat.


Butun dunyoda kuzatilayotgan Covid–19 pandemiyasi sababli abituriyentlikka nomzod yoshlar dastlab koronavirusga test topshirdilar. Virus alomatlari topilmagach, ular tibbiy ko‘rikdan o‘ta boshladi.

Keyin esa ulardan psixologik test sinovlari olindi. Mazkur bosqichdan muvaffaqiyatli o‘tganlar jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha belgilangan meyorlarni topshiradilar.

Barcha sinov va tanlovlardan o‘tgan o‘g‘lonlar 1 avgust kuni bo‘lib o‘tadigan davlat test sinovlariga yo‘l oladi.

Nozima MAMATOVA, Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti