Hukumat qarori (241-son, 27.04.2021 y.) bilan Amir Temur nomidagi O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati akademiyasiga bakalavriat taʼlim yo‘nalishi bo‘yicha kunduzgi taʼlim shaklida o‘qishga nomzodlarni saralab olish va qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Nizomga muvofiq, Amir Temur nomidagi O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati akademiyasi tayanch oliy harbiy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasasi hisoblanib, Davlat xavfsizlik xizmati va Prezident davlat xavfsizlik xizmati faoliyati yo‘nalishlari bo‘yicha ofitser kadrlarni tayyorlaydi.
Akademiyaga bakalavriat taʼlim yo‘nalishi bo‘yicha kunduzgi taʼlim shaklida o‘qishga Qurolli kuchlar safida muddatli harbiy xizmatni o‘tagan umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va professional taʼlim muassasalarining bitiruvchilari bo‘lgan erkaklar – O‘zbekiston fuqarolari qabul qilinadi.
O‘qishga nomzodlar quyidagi bosqichlarda tanlovlardan o‘tadi:
- dastlabki saralab olish;
- maxsus kasbiy tanlash;
- test sinovlari.
Sport ustasi unvoni yoki sport ustasiga nomzodlik to‘g‘risidagi tegishli hujjatni taqdim etgan nomzodlar jismoniy tayyorgarlik sinovlaridan ozod etiladi.
Test sinovlarini o‘tkazish tartibi va muddati Davlat test markazi tomonidan Akademiya bilan kelishilgan holda belgilanadi.
Test sinovlarining natijalari sinov yakunlangandan keyin 5 kun ichida Akademiyaga taqdim etiladi va DXXning rasmiy veb-saytida eʼlon qilinadi.
Akademiyaga bakalavriat taʼlim yo‘nalishi bo‘yicha kunduzgi taʼlim shakliga o‘qishga qabul qilingan nomzodlarga kursant maqomi beriladi.