Xitoyga o'qigani ketgan 64 nafar qozog'istonlik o'smirga o'zga yurtda ko'chada qolish xavf solmoqda


Xitoyga o‘qigani ketgan 64 nafar qozog‘istonlik o‘smirga o‘zga yurtda ko‘chada qolish xavf solmoqda. Bu haqda bolalarning ota-onalari ma`lum qilishgan.

Tengrinews.kz internet nashri tahririyatiga onalardan biri murojaat qilgan, uning aytishicha, bolalar 10 oktabrda Xitoyning Nannin shahriga o‘qigani uchib ketishgan. O‘qishni tashkillashtirgan kompaniya bolalarni universitetgacha kuzatib qo‘yishi kerak bo‘lgan, biroq buni qilmagan. Shuningdek, bolalar universitetga kelishgach, ota-onalari o‘qishga to‘lagan pullar universitetga o‘tkazib berilmaganini aniqlashgan.   

Ta`kidlanishicha, kompaniya vakillari va rahbariyati bilan bog‘lanishga urinishlar ijobiy natija bermagan. “Telefonlarga javob berilmayapti, kompaniya ofisi yopilgan. Bolalarimiz yig‘lamoqda, agar to‘lov amalga oshirilmasa ularga haydab chiqarilishlari aytilgan. Oldindan to‘langan haq yotoqxonada joyni bronlash uchun to‘langandi", deb aytgan onalardan biri. 

Onaning aytishicha, bu haqda politsiyaga ariza yozilgan. Keyinroq aniqlanishicha, kompaniyaga murojaat qilgan ba`zi ota-onalar pullarini qaytara olishgan.

Qozog‘iston tashqi ishlar vazirligi vakili Oybek Smadiyarovning ma`lum qilishicha, 12 oktabrda Qozog‘istonning Pekindagi elchixonasiga Xitoy oliy ta`lim muassasalarida o‘qigani kelgan bolalarning ota-onalari murojaat qilishgan. Bolalar orasida balog‘atga yetmaganlari ham bor. 

Tashqi ishlar vazirligi ma`lumotlariga ko‘ra, bolalarni kutib olishi kerak bo‘lgan Xitoy kompaniyasi o‘z majburiyatlarini bajarmagan va bolalarni kutib olmagan. Bundan tashqari, kompaniya universitetlarga yashash va o‘qish uchun pullarni o‘tkazib bermagan.  

Ta`kidlanishicha, ayni vaqtda Qozog‘iston elchixonasi Xitoydagi Qozog‘iston talabalari uyushmasi bilan hamkorlikda bu masalani hal qilish, jumladan bolalarni boshqa ta`lim muassasalariga joylashtirish bilan shug‘ullanmoqda. Ular hozirda ta`lim olmayaptilar va boshqa universitetlar yotoqxonalariga joylashtirilganlar.  

Shu munosabat bilan fuqarolardan xorijiy ta`lim muassasalarini tanlashda e`tiborli bo‘lish so‘ralgan. Ota-onalarga farzandlarini xorijga o‘qishga yuborishdan oldin ta`lim muassasalari bilan bog‘lanib, farzandlari o‘qishga qabul qilinganlariga ishonch hosil qilish tavsiya qilingan. 


Manba: kun.uz