Har birimiz kam ishlab, ko’p ishlarga ulgurishni xohlaymiz. Bu xohishni amalga oshirish unchalik ham qiyin emas, buning uchun ish vaqtimizni to’g’ri tashkillashtirishning o’zi kifoya.
Agar siz ishda yoki uyda yarim kechasigacha monitor yonida o’tiradigan hamda dam olish va bayram kunlari ham ishlaydigan mehnatkash kishilar toifasiga tegishli bo’lsangiz, bu maqola aynan siz uchun. Maqolada siz kamroq vaqt sarflab, ancha ko’proq ishlarga ulgurishga turtki bo’ladigan beshta samarali usul haqida bilib olasiz. Ular oddiy va oson bajariladigan harakatlardir, shuning uchun ham turli kasblarda faoliyat yurituvchi kishilarning har biriga to’g’ri keladi.
1. Ishlarni vazifalar ro’yxati bilan ko’rib chiqing
Mantiqqa to’g’ri kelmaydigan, ammo, vazifalar oqimini eplashda yordam beradigan sinab ko’rilgan usullarning biri – bu siz tomondan vazifalar ro’yxatiga qo’shiladigan ishlar sonini kamaytirishdir. Har bir qadamingizni rejalab, ro’yxatga qo’shib qo’yishning o’rniga, har bir kun uchun uchta asosiy ishlarni belgilab oling. Bor-yo’g’i uchta shunday vazifalarni belgilangki, ular siz uchun haqiqatdan ham muhim va aniq bajariladigan ishlar bo’lsin.
Agar muhimliligi yuqori darajadagi ishlarni qilib bo’lganingizdan keyin sizda vaqt qolsa, siz bu vaqtni muhimlik darajasi pastroq bo’lgan ishlarga sarflashingiz mumkin. Bu vazifalar kun oxiriga qoladi va siz ularni katta kuch sarflamasdan bajarishingiz mumkin, hatto buning natijasida ko’plab ishlaringizni qilishga ulgurganingizdan o’zingizni yengil his qilasiz. Agar ulgurmasangiz kun yakuniga qolgan ishlar muhim emas, bu holat esa sizda oshiqcha bezovtalik kayfiyatini tug’dirmaydi.
Ro’yxatga aloqador ikkinchi maslahat – eng yaxshisi ularni bir kun avval kechki payt tuzing. Biz qanday vaziyat bo’lmasin uxlashdan oldin ertangi kunni va nimalar qilishimiz kerakligi haqida o’ylaymiz. Shuning uchun ham nega endi bularni darrov qog’ozga yoki elektron kundaliklarga yozib qo’ymasligimiz kerak? Bunday qilishingiz natijasida siz, ertalabki qimmatli soatlaringizni qaysi ishni birinchi boshlash kerakligi haqida o’ylashga sarflamay, darrov belgilangan ishlaringizni bajarishga kirishasiz.
Yana bir maslahat – faqatgina bir kunga e’tiboringizni jamlang. Albatta, uzoq muddatli rejaga qarshi emasmiz, lekin qilinadigan vazifalar bilan to’lib-toshgan ro’yxat bizni havotir olishga majbur qiladi. Shuning uchun navbatdagi kun uchun alohida ro’yxat qilib chiqing va bor e’tiboringizni o’sha ro’yxatga jamlang.
Yana bir bor aytamiz: har bir kun uchun bitta muhim ro’yxat tuzing va ertangi kuni bajarish uchun vazifalar orasidan uchta asosiy ishlarni ajratib oling. Asosiy bo’lmagan ishlarni esa kun oxiriga rejalashtiring.
2. Vaqtni emas, natijalaringizni o’lchang
Umuman olganda, odamlar ish hajmini unga sarflangan soatlar bilan o’lchashga o’rganib qolishgan. Buning natijasida odamlar hayolida – “men bugun juda uzoq vaqt davomida ishladim, demak ko’p ishlarni bajardim" degan mezon paydo bo’ladi. Haqiqatda esa bu unday emas, bunga ishonch xosil qilish uchun vaqtni emas, haqiqiy natijalarni hisoblash kerak bo’ladi.
Masalan, uyga vazifalar bilan ishlash davomida siz bunga bir soat vaqt ajratasiz, lekin bu siz ko’p vazifalarni bajarganingizni anglatmaydi. Eng yaxshisi oldingizga maqsadni boshqacharoq qo’ying: “hozir men 4 ta fandan uy ishlarini ko’rib chiqaman" (bu holda natija ma’lum emas!) yoki “endi men matematikadan 8 ta masalani ishlab chiqaman" yoki “ingliz tilidan 10 ta yangi so’z yodlayman" (bu holatda esa aniq natija bor!). Farqini his qilyapsizmi? Bu yo’nalishda siz shunchaki vaqtingizni o’tkazmay, aniq natijaga erishuvchi vazifalarni bajarasiz.
3. Biron ishni boshlashdan oldin odatlarni ishlab chiqing
Kunining boshi – bu eng qimmatli va shu bilan birga eng xavfli vaqtdir. Xavfli tarafi shundaki, hali butun kun oldinda turganday, shoshilishga xojat yo’qday va hamma ishlarga ulguradiganday tuyuladi. Nega endi avvalo kofe ichib olmaymiz, nega Telegram xabarlarni tekshirmaymiz yoki nega o’rtoqlarimiz bilan bilan biroz suhbatlashmaymiz? Ko’z ochib yumishga ulgurmasimizdan yarim kun bo’lgan va eng sermahsul soatlarimiz behuda ketgan bo’ladi.
Bu muammolarning yechimi – sizga ish jarayoniga moslashib ketishingiz uchun yordam beradigan maxsus odatlarni ishlab chiqishdir. Masalan: agar siz har kuni ertalab kofe ichsangiz, ichib bo’lganingizdan keyin darrov barcha muhim emas ishlarni chetroqqa qo’yingda belgilangan vazifalaringizni bajarishga kirishing.
4. Qayerda vaqt yo’qotayotganingizni izlang
Sermahsul bo’lishingizda yordam beradigan eng samarali va eng ajablanarli usul – bu o’z ish vaqtingizni kuzatishdir. Buning uchun hech qanday qiyin moslamalar kerak emas. Shunchaki har safar biron ishni bajarishga kirishishingizdan oldin taymer yoqib qo’ying. Biron ish bilan tashqariga chiqib ketdingizmi, kimgadir qo’ng’iroq qilmoqchisiz yoki begona saytni ko’zdan kechiryapsizmi – taymerni “pauza" rejimiga qo’ying. Ishga qaytdingizmi – taymerni qayta ishga tushiring.
Ishonavering, kun oxirida vaqt ko’rsatgichini ko’rib hayratda qolasiz. Bundan keyin qimmatli vaqtingiz aslida qayerga ketayotganini batafsilroq bilishga qiziqib qolasiz. Ushbu ma’lumotlarni tahlil qilib chiqqaningizdan so’ng, vaziyatni to’g’irlashga kirishishingiz mumkin.
Eslab qoling: tezroq ishlagan emas, vaqtini bekorga sarflamagan kishi ko’proq narsaga ulguradi
5. Sizga ishlarni tugatishda yordam beradigan odatlarni orttiring
Ba’zi vaqtlarda ishni tugatish ham ishni boshlashga o’xshab qiyin bo’lib ketadi. Ha, bunday mehnatsevarlikdan foyda yo’q – ha, siz charchadingiz – lekin bularning barchasini ertaga qoldirish oson emas! Qoldirsangiz ertangi kuni o’zingizni og’ir va parchalangandek his qilasiz…
Bu masala bo’yicha Heminguey yaxshi maslahat bergan. Uning aytishicha, “ishni, u yaxshi ketayotgan vaqtida tugatish kerak, va bu vaziyatda siz uning davomini bilasiz. Loyiha o’rtasida to’xtash juda ham foydali bo’lishi mumkin: siz nimalarni bajarganingizni bilasiz, keyinchalik nima qilishingizni ham aniq bilasiz va natijada siz qayta boshlashdan faqatgina xursand bo’lasiz. Agar siz biron to’siqqa yetib, o’sha yerda to’xtagan bo’lsangiz, ertangi kuni ushbu to’siqdan chiqish yo’lini izlashingizga to’g’ri keladi".
Ish kuni tugashining aniq vaqtini belgilab qo’ying. Bu maslahat asosan yarim tungacha ishlab o’tiraveradigan frilanserlarga tegishli. Ular uchun, nima bo’lishidan qat’iy nazar noutbukni bir vaqtda o’chirishga odatlanish juda foydali bo’ladi. Ish tartibiga amal qilish uchun yana bir stimul – o’tkazib yubora olmaydigan va juda yoqimli bo’lgan biron ishni bajarishni ish kuni yakuniga rejalashtirib qo’yishdir.
Ko’ryapsizmi, sermahsul mehnat siri bor vaqtingizni ishda o’tkazish yoki monitor yonidan siljimay o’tirib ishlashda emas. Sizdan shunchaki ishlarni to’g’ri tashkillashtirish, intizomlik va ish kuningizni qisqaroq, bajarilgan vazifalarni esa ko’proq qilish uchun maqolada berilgan maslahatlarga amal qilish talab etiladi.