Toshkentdagi IT-Park qoshida akademiya ochiladi


2019-yil 25-sentyabr kuni «Digital Uzbekistan» forumi doirasida IT-Park direktori Farhod Ibragimov texnopark qoshida IT-akademiyasining ochilishi haqida, shuningdek, barcha IT-markazlarga taqdim etilishi mumkin bo‘lgan imtiyozlari haqida e’lon qildi.

Xususan, o‘z nutqini o‘quv bo‘limiga qaratgan holda, Farhod Ibragimov shu yil oktyabr oyida IT-Parkda IT-akademiyasining birinchi kursi ochilishini, unda barcha xohlovchilar dasturlash bo‘yicha bilim olishlari mumkinligini aytdi.

IT-akademiyasining asosiy maqsadi ish beruvchilarning talablariga javob beradigan sifatli ta’limni taqdim etish, malakali mutaxassislar va o‘qituvchilarni yetishtirib chiqarishdir. IT-akademiyasi IT-mutaxassislari uchun ta’lim dasturlarini, texnologik platformani va netvorkingni birlashtirgan ekotizimni yaratmoqda.

Har yili IT-akademiyasi dasturiy ta’minotni ishlab chiqish, dasturiy ta’minotni sinovdan o‘tkazish, veb-dizayn, biznesni tahlil qilish sohalarida kamida 1500 nafar mutaxassis yetishtirib chiqarish rejalashtirmoqda. Turli xil murakkablik darajasidagi o‘quv kurslari ham o‘zbek tilida o‘tkaziladi.

«Biz O‘zbekistonni inson kapitali yetarli bo‘lgan maydon sifatida belgilaymiz. Bizning Respublikamizda iqtidorli yoshlar juda ko‘p, ammo ularning hammasida ham bilim olish imkoniyati mavjud emas. Biz IT-xizmatlarini eksport qilish bilan shug‘ullanmoqchimiz, shuning uchun biz nafaqat katta miqdordagi inson kapitaliga, balki sifatli inson resurslariga ega bo‘lishimiz kerak. IT-mutaxassislariga talab har yili ortib borayotganligini hisobga olib, bitiruvchilar soni ko‘paymoqda, ammo bu yetarli emas. Agar biz chet ellik taniqli kompaniyalar bizda o‘z vakolatxonalarini ochishini va IT-mahsulotlarini eksportga chiqarishini istasak, biz xususiy sektorni jalb qilish yo‘li bilan, O‘zbekiston Respublikasining IT-mahsulotlari bozoriga chiqarilayotgan IT-mutaxassislarning soni va sifatini oshirishimiz lozim», – dedi IT-Park direktori.

Farhod Ibragimov bir necha bor ta’kidlaganidek, 2019-yil 15-iyulda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 589-sonli qarori chiqqanidan so‘ng, IT-Park rezidentlariga bir qator imtiyozlar va preferensiyalar taqdim etildi. Xususan, IT-Park rezidentlari 2028-yil 1-yanvargacha barcha turdagi soliqlardan va davlat maqsadli jamg‘armalariga majburiy ajratmalardan, shuningdek yagona ijtimoiy to‘lovlardan ozod qilingan. Ushbu qarorning muhim tomoni shundaki, IT-o‘quv markazlari IT-Park rezidenti maqomini olishlari mumkin.

Manba: xabar.uz