Toshkentda yana bir Rossiya universitetining filiali ochiladi


2020 yil 21 yanvar kunida Sankt-Peterburg shahrida Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogika universiteti, O‘zbekiston Respublikasining Maktabgacha ta’lim hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirliklari o‘rtasida Toshkentda RDPU filialining ochilishi haqida kelishuv imzolandi.

Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, filialda ta’lim dasturlari va umumqabul qilingan xalqaro talablarga muvofiq ravishda O‘zbekiston ta’lim muassasalari uchun maktabgacha ta’lim, korreksion pedagogika, psixologiya va boshqa sohalar bo‘yicha malakali mutaxassislar tayyorlanadi. Kelishuvda filial faoliyatini 2020-2021 yilda ishga tushirish ko‘zda tutilgan.

Bakalavriat va magistraturadan tashqari filialda pedagog kadrlarning malakasini oshirish va qayta tayyorlash dasturlari ham ishga tushiriladi. Filial bitiruvchilariga Gersen nomidagi RDPUni tugatganlik haqida o‘rnatilgan namunadagi diplom berilib, u O‘zbekiston Respublikasida oliy ma’lumot haqidagi hujjat sifatida tan olinadi.

Gersen nomidagi RDPUga 1797 yilda asos solingan bo‘lib, u Rossiyaning yetakchi pedagogik oliy ta’lim muassasasidir. Universitet tarkibida 2 ta ilmiy-tadqiqot instituti, 12 ta institut (shu jumladan, Bolalik instituti, Defektologik ta’lim va reabilitatsiya instituti, Teatr, musiqa va xoreografiya instituti va boshqalar), 11 ta fakultet faoliyat yuritadi.