Tibbiyot oliy o‘quv yurtlarining IELTS sertifikati bor talabalariga vazir stipendiyasi beriladi


O‘zbekistonda tibbiyot oliy o‘quv yurtlarining IELTS sertifikati bor talabalariga vazir stipendiyasini berish yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda SSV matbuot xizmati xabar berdi.

Ayni paytda mamlakatdagi mavjud 11 ta tibbiyot oliy ta’lim muassasasida tahsil oluvchi talabalar orasidan 7,5 va undan yuqori bo‘lgan ingliz tili IELTS sertifikatiga hamda nemis va fransuz tilini bilish darajasini belgilovchi C1 darajadagi xalqaro tan olingan sertifikatga ega bo‘lgan talabalar ko‘pligi qayd etilgan.

Sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov tizim faollari ishtirokida o‘tgan yig‘ilishda amaldagi tartibga o‘zgartirish kiritish hamda iqtidorli va izlanuvchan talabalarga vazir stipendiyasini to‘lab borish tizimi joriy etilishini ma’lum qildi.

«Agar buni amaliyotga tatbiq etsak, chet tillariga qiziquvchi qolgan talabalar ham ularga ergashib, xuddi shunday yuqori natijalarga erishishga intiladi. Buning uchun tibbiyot oliygohlari rektorlari iqtidorli talabalarga alohida e’tibor qaratishi, har bir kafedra o‘qituvchisi ilm yo‘lini tanlagan bo‘lajak yosh mutaxassislarni yaqindan qo‘llab-quvvatlashi zarur», — deydi vazir.

Qayd etilishicha, mazkur yangilikni joriy qilish bo‘yicha yaqinda huquqiy asoslar ishlab chiqilishi ko‘zda tutilgan.