TDAU huzurida «G‘o‘za urug‘chiligi markazi» faoliyati yo‘lga qo‘yiladi


Vazirlar Mahkamasining “Toshkent davlat agrar universiteti huzuridagi “G‘o‘za urug‘chiligi markazi" davlat muassasasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori loyihasi muhokama uchun e'lon qilindi.

Qayd etilishicha, Toshkent davlat agrar universiteti huzurida “G‘o‘za urug‘chiligi markazi" davlat muassasasi tashkil etilgan.

Quyidagilar Markazning asosiy vazifalari etib belgilanadi:

Toshkent viloyati sharoitida ekilgan yangi, istiqbolli va rayonlashgan g‘o‘za navlari bo‘yicha monitoring o‘tkazish va ularni keng sinovini tashkil etish;

Markazga ajratilgan yer maydonlarida to‘liq seleksion sxema asosida yangi g‘o‘za navlari seleksiyasi bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish va rayonlashtirish;

Markazga ajratilgan yer maydonlarida turli qishloq xo‘jalik ekinlari urug‘chiligini tashkil etib, almashlab ekish tizimini joriy etish va navlarni yetishtirish agrotexnologiyasini ishlab chiqish;

dastlabki elita-urug‘chilik xo‘jaliklarida ko‘paytirilayotgan tezpishar, tola hosili va sifati yuqori bo‘lgan yangi va istiqbolli g‘o‘za navlarining original urug‘larini yetishtirish;

dastlabki elita-urug‘chilik xo‘jaliklarida ko‘paytirilayotgan yangi va istiqbolli g‘o‘za navlari orasidan Toshkent viloyati sharoitida yetishtirishga mos tezpishar, tola hosili va sifati yuqori bo‘lgan g‘o‘za navlaridan yetarli miqdorda urug‘lik material yetishtirishni yo‘lga qo‘yish;

istiqbolli va rayonlashtirilgan g‘o‘za navlarining nav sofligini aniqlash hamda natijalarini manfaatdor tashkilotlarga yuborish;

viloyatdagi elita va urug‘chilik xo‘jaliklarini yuqori sifatli original urug‘lik chigitlar bilan ta'minlash;

urug‘lik g‘o‘zalarining genetik (navdorlik) tozaligini baholash, sinovlardan o‘tkazish hamda ekinboplik sifatlarini aniqlash;

seleksioner va urug‘chilar, fermer xo‘jaliklari rahbarlari va paxta-to‘qimachilik klasterlari mutaxassislari uchun seminar-treninglar tashkil etish, bakalavr, magistr, doktorantlarning amaliyoti hamda ilmiy tadqiqotlarini o‘tkazish;

davlat ilmiy-texnik dasturlari doirasida bajariladigan loyihalar hamda xalqaro tashkilotlarning grantlari tanlovida ishtirok etish, sohaga doir dolzarb ilmiy-tadqiqot mavzularini asoslash va tanlovlarda qatnashish;

urug‘lik paxta va urug‘lik chigitlarning zamonaviy talablarga muvofiqligini ta'minlash va xalqaro standartlar hamda texnik reglamentlarni faol joriy etish yo‘li bilan tashqi bozorlarda raqobatbardoshligini oshirish bo‘yicha tadbirlarni amalga oshirish;

Markazda talabalarning o‘quv, ishlab chiqarish va malakaviy amaliyotlarini o‘tkazish, ularning nazariy bilimlarini amaliyotda qo‘llash orqali malaka va ko‘nikmalarini shakllantirish;

Markazda urug‘chi mutaxassislar va xodimlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish, belgilangan mavzular bo‘yicha o‘qitishga manfaatdor bo‘lgan boshqa tashkilotlarning, jumladan xorijiy va mahalliy, viloyatlardagi barcha urug‘chilik yo‘nalishidagi tashkilotlarning mutaxassislarini shartnoma asosida o‘qitish.

Quyidagilar Markaz faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilanadi:

O‘zbekiston Respublikasi davlat budjeti mablag‘lari;

shartnoma asosida ko‘rsatiladigan xizmatlardan olinadigan daromadlar;

xalqaro moliya va boshqa institutlar kreditlari, xorijiy va mahalliy tashkilotlarning grantlari;

jismoniy va yuridik shaxslar, shu jumladan O‘zbekiston Respublikasi norezidentlarining homiylik xayriyalari;

qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

Toshkent viloyati xokimligi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi hamda Qishloq xo‘jaligi vazirligining Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumani, A.Yassaviy qishloq fuqarolar yig‘ini, Sh.Rashidov ko‘chasi 1-uy manzilida joylashgan Agrosanoat va iqtisodiyot kasb-hunar kollejiga tegishli binolar va inshootlarni tegishli hududi hamda o‘quv va yotoqxona mebellari bilan Markazga operativ boshqarish huquqi asosida bepul o‘tkazish to‘g‘risidagi takliflari ma'qullanishi mumkin.

Toshkent viloyati hokimligi (Xolmatov) “G‘o‘za urug‘chiligi markazi"da tajriba sinovlarini o‘tkazish uchun ushbu hududdan 50 gektar sug‘oriladigan yer maydoni ajratilishini ta'minlaydi.