TATUda qiymati 3 mln. AQSh dollarlik loyiha amalga oshiriladi


Bugun Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida universitet rektori va KOICAning O‘zbekistondagi ofisi rahbari tomonidan 2018–2021-yillarda amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan qiymati 3 mln. AQSh dollarlik «TATUda integrallashgan ta’lim axborot tizimini joriy qilish» loyihasini amalga oshirish bo‘yicha muhokama bayonnomasi imzolandi.

Loyiha konsepsiyasida ko‘rsatilgan «e-learning» va «e-library» komponentlarini nafaqat TATU axborot resurs markazi va o‘quv jarayoniga, balki, O‘zbekistonning barcha oliy ta’lim muassasalarida joriy qilish bo‘yicha strategik reja ishlab chiqilgan.

KOICA va TATU mutaxassislarining hamkorligi doirasida ishlab chiqilgan ushbu loyiha ikki qismdan iborat:

  • Texnik vositalar bilan ta’minlash.
  • «O‘quv jarayonini tashkil etish» va «Elektron kutubxona» tizimlarini yaratish, rivojlantirish va joriy qilish.

Loyihadan quyidagi natijalar kutilyapti:

  • Toshkent axborot texnologiyalari universiteti va uning Samarqand filialining moddiy texnik bazasini rivojlantirish;
  • «O‘quv jarayonini tashkil etish» va «Elektron kutubxona» integrallashgan tizimlarini joriy qilish;
  • Ishlab chiqilgan tizimlarni TATUda sinovdan o‘tkazib, orttirilgan tajriba asosida O‘zbekistonning barcha OTMlariga joriy qilish dasturini yaratish.

Manba: xabar.uz