TATU-BDIRU AXBOROT TЕXNOLOGIYALARI QOʻSHMA FAKULTЕTI TAYYORLOV KURSLARINI TAMOMLAGAN O’QUVCHILARGA SERTIFIKAT TOPSHIRILDI


Joriy yilning 17-avgust kuni TATU-BDIRU axborot tеxnologiyalari qoʻshma fakultеti tayyorlov kurslarini tamomlagan o’quvchilarga sertifikatlar topshirish marosimi bo’lib o’tdi.

Tadbirda TATU rektori, o’quv ishlari bo’yicha prorektor, Belarusiyadan tashrif buyurgan TATU rektorining maslahatchisi, universitetning professor-o’qituvchilari, tayyorlov kurslari o’quvchilari hamda ota-onalar ishtirok etishdi.


TATU-BDIRU Axborot texnologiyalari qoʻshma fakulteti qoshida TATU va BDIRU yuqori malakali oʻqituvchilar tomonidan 9 oy davomida rus tili, ingliz tili, informatika, matematika, fizika fanlari boʻyicha tayyorlov kurslari tashkil qilingan edi.


Tayyorlov kurs fanlari boʻyicha imtihonlarni muvaffaqiyatli tamomlagan 71 ta tinglovchi sertifikat bilan taqdirlandi hamda muddatidan oldin TALABA boʻlish imkoniyatiga ega bo’lishdi!


- Biz to’qqiz oy davomida TATU-BDIRU axborot tеxnologiyalari qoʻshma fakultеti tayyorlov kurslarida tahsil oldik. Darslar rus tilida olib borildi. Bugun judayam xursandman! Sababi, mana shu tayyorlov kurslari imtihonlaridan muvaffaqiyatli tugatib sertifikat bilan taqdirlandim. Yana bir xursand qiladigan tomoni biz endi ham TATUda ham BDIRUda o’qiymiz va ikkita diplom olamiz. Diplomimiz nafaqat O’zbekiston, balki butun dunyo mamlakatlarida tan olinar ekan. Bu eshitib juda ham quvondim. Shuncha imkoniyatlarni yaratib bergan TATU va uning rahbariyatiga o’z minnatdorchiligimni bildiraman. Albatta, yaxshi o’qib, axborot texnologiyalari sohasida yetuk mutaxassis bo’lib, ustozlarimizning ishonchini oqlayman,- deydi o‘quv kursi tinglovchisi Eshonqulova Taxmina.


Ma’lumot o’rnida aytish joizki, 2018-yil 13-sentyabr kuni Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti hamda Belorussiya davlat informatika va radioelektronika universiteti oʻrtasida yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash uchun Axborot texnologiyalari qoʻshma fakultetini tashkil etish toʻgʻrisida shartnoma imzolandi. Ushbu shartnomaga binoan 2019-2020 oʻquv yildan boshlab TATUda TATU-BDIRU Axborot texnologiyalari qoʻshma fakultetiga quyidagi yoʻnalishlari boʻyicha oʻqitishga qabul qilinishi kelishib olindi:


• axborot texnologiyalarning dasturiy taʼminoti;


• dasturlanadigan mobil tizimlar;


• sunʼiy tafakkur.


TATU-BDIRU Axborot texnologiyalari qoʻshma fakultetida oʻqish “2+2" sxemasi asosida amalga oshiriladi, 2 yil TATUda, 2 yil BDIRUda o’qish bosqichlari kelishib olindi. TATU-BDIRU Axborot texnologiyalari qoʻshma fakultetini muvaffaqiyatli tamomlagan talabalar IKKI DIPLOMGA ega boʻlishadi.


Ta’kidlash joizki, Belorussiya davlat informatika va radioelektronika universiteti (BDIRU) Belorussiyaning yirik milliy ilmiy-taʼlim markazi boʻlib, oʻquv va ilmiy faoliyat olib borish uchun ulkan imkoniyatlarga ega OTM hisoblanadi. Universitet zamonaviy laboratoriya asbob-uskunalari bilan jihozlangan va rivojlangan infratuzilmaga ega. Universitetda taʼlim olish va ilmiy-tadqiqot faoliyatni yuritish uchun barcha zarur shart-sharoitlar mavjud.


TATU matbuot xizmati