Ta'lim muassasasi rahbariyatining ta'lim sifatiga shaxsiy javobgarligi kuchaytiriladi


5 sentabr kuni poytaxtda Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi xamda BMT Bolalar jamg‘armasi - YuNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda «Ta'lim sifatini ta'minlash va baholash: Xalqaro yondashuvlar va O‘zbekiston tajribasi» mavzusida seminar o‘tkazildi.

Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 7 iyundagi 470-sonli «Davlat ta'lim muassasalari xamda nodavlat ta'lim tashkilotlarini attestatsiyadan va davlat akkreditatsiyasidan o‘tkazish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida»gi qarori qabul qilingan. Mazkur qaror ijrosini ta'minlash maqsadida yurtimizdagi ta'lim muassasalarini attestatsiyadan o‘tkazish va baholash mezonlari ishlab chiqildi.

Seminarda so‘zga chiqqan Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi bosh boshqarma boshlig‘i Asliddin Odilov yangi mezonlar ilg‘or xorijiy tajribalardan foydalangan holda xalqaro va mahalliy ekspertlar xulosalariga asosan ishlab chiqilganini ta'kidlar ekan, bundan buyon har bir ta'lim muassasasida o‘zini-o‘zi baholash orqali ichki ta'lim sifati auditi shakllantirilishi aytib o‘tdi. Bunda ta'lim oluvchilarning maktab hayoti va boshqaruviga oid fikrlari davriy ravishda o‘rganilishi va ular maktab boshqaruvida faol ishtirok etishlari, ta'lim sifatini baholashda maktabning ota-onalar, kuzatuv kengashi, mahalla, bog‘cha va oliy ta'lim muassasalari bilan maktabni rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik ishlariga asosiy urg‘u berilishi ma'lum qilindi.

Tadbirda ta'lim sifatini baholash bo‘yicha ilg‘or xorijiy tajribalar haqida ma'ruza qilgan xalqaro konsultant Majyena Rafalska yangi baholash mezonlari ahamiyati haqida gapirar ekan, ularning ta'lim muassasalari rahbarlari va pedagoglar uchun qo‘llanma bo‘lib xizmat qilishi har bir muassasaga o‘zi ortda qolayotgan aniq ko‘rsatkichlar bilan ishlash imkoniyatni yaratilayotganligi aytib o‘tdi.

Seminar davomida Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tegishli mutaxassislari tomonidan ta'lim sifatini baholashga yangicha yondashuv, MTMlarda ta'lim sifatini ta'minlash va uni baholash mexanizmlari hamda umumiy o‘rta ta'lim muassasalarini akkreditatsiyadan o‘tkazish tizimi haqida ma'lumot berildi.