Talaba to‘laydigan stipendiyasiz shartnoma puli unga sarflanadigan bir yillik xarajatni qoplamaydi – Vazirlik


17 oktabr kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Prezidentning «O‘zbekiston Respublikasi oliy ta'lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida»gi farmoni ijrosini ta'minlashga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.

Unda ishtirok etgan mutasaddilar tomonidan OTMlarga qabul kvotalari belgilanishining qanday ijobiy tomonlari borligi haqidagi savolga javob qaytarildi.

«Bugungi kunda davlat granti asosida tahsil olayotgan talabalar ishga yo‘naltiriladi, lekin ishga joylashtirilmaydi. Biroq kvota bilimli yoki imkoniyati cheklangan yoshlarni davlat granti asosida tahsil olishlari va ularni qo‘llab-quvvatlash uchun ham zarur», - deya ma'lumot berdi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi bosh boshqarmasi boshlig‘i Abduvali Xoliqov.

Tadbirda belgilangan kvotada to‘lov kontrakti asosida o‘qiyotgan talabaning stipendiyasiz to‘laydigan 6 million so‘mlik shartnoma puli uning uchun sarflanadigan bir yillik xarajatni to‘liq qoplamasligi, qolgan miqdor esa davlat tomonidan qoplab berilishi va bu ijtimoiy himoya hisoblanishi haqida ta'kidlab o‘tildi.

Abduvali Xoliqovning so‘zlariga ko‘ra, yuqoridagi sabablar tufayli to‘lov-kontrakt asosidagi kvotalar ham zarur hisoblanadi. Biroq hozir xususiy, davlat-xususiy sheriklik asosidagi OTMlarning ochilishi va super-kontraktlar asosida talabalarni qabul qilish hisobiga oliy ta'lim bilan qamrab olish foizini oshirish ishlari amalga oshirilmoqda.

«Qamrov oshirilishi bevosita binolar sig‘imi bilan ham bog‘liq. Chunki sifatli va barcha talablarga javob beradigan bino qurish uchun bir necha yil talab etiladi. Hozir o‘quv binolari doimiy kengaytirilib va yangilanib borilmoqda. Shuning hisobiga agar 2030 yilda 600 ming o‘quvchi maktabni bitiradigan bo‘lsa, ularning kamida 300 mingini oliy ta'lim bilan qamrab olish rejalashtirilgan.

Buning uchun professor o‘qituvchilarni tayyorlab borish ham murakkab jarayon sanaladi. Chunki bitta professor o‘qituvchini tayyorlash uchun 10 yil muddat talab qilinadi. Bunga doktoranturalar sonini ko‘paytirish, xorijda malaka oshirish ishlarini tashkil qilish orqali bosqichma-bosqich erishiladi», - deya vazirlik mas'ulining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.