Prezident “Yoshlarning tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va bandligiga ko‘maklashish, ularni ijtimoiy himoya qilish hamda bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmonni imzoladi.
2021 yil 1 iyundan boshlab shunday tartib o‘rnatiladiki, unga muvofiq:
- a) davlat oliy ta'lim muassasalariga 10tagacha mahalla fuqarolar yig‘inlari biriktiriladi;
- b) davlat oliy ta'lim muassasalari rektorlari tomonidan:
- biriktirilgan mahalla fuqarolar yig‘inlarida yashaydigan uyushmagan yoshlarning ma'naviy dunyoqarashini shakllantirish, shu jumladan ularni xorijiy tillar, kompyuter savodxonligi, sport, madaniyat va kitobxonlik to‘garaklariga jalb qilish choralari ko‘riladi;
- talabalar yotoqxonalarida, madaniyat markazlarida va mahalla fuqarolar yig‘inlarida yoshlar bilan muntazam ravishda uchrashuvlar tashkil etish, ochiq davra suhbatlari va madaniy tadbirlar o‘tkazish amaliyoti joriy qilinadi.
2021 yilning yakuniga qadar Qashqadaryo viloyatida eksperiment tariqasida madaniyat va san'at sohasi vakillari hamda musiqa fani o‘qituvchilariga quyidagilarni nazarda tutgan holda uy sharoitida yoshlar uchun musiqa to‘garaklarini tashkil etishga ruxsat berildi:
- ushbu to‘garaklarni tashkil etgan shaxslar madaniyat markazlari tomonidan nota, musiqaga oid adabiyotlar bilan ta'minlanadi hamda ularga tashkiliy va uslubiy jihatdan yordam ko‘rsatiladi;
- to‘garaklarda ta'lim olganlik uchun to‘lov mahalliy budjet mablag‘lari va o‘quvchilar tomonidan to‘lanadi.
Bunda, to‘garaklar tashkil etgan shaxslarning ish haqi to‘lovlari madaniyat markazlari uchun belgilangan miqdorlardagi badal to‘lovlari va yetmagan qismida mahalliy budjetning qo‘shimcha manbalari hisobidan to‘lab beriladi.