Oliy ta’lim muassasalarida «Karera markazlari» tashkil etiladi


Prezidentning “Respublika oliy ta’lim muassasalari talabalari bandligini ta’minlash va ularning bo‘sh vaqtlarini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori loyihasi e’lon qilindi. 

Talabalar bandligini ta’minlash va bo‘sh vaqtini samarali tashkil etish asosiy yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilanadi:

  • oliy ta’lim muassasasida mavjud infratuzilmalardan, shu jumladan, o‘quv binolar, sport inshootlari, madaniyat saroylari, talabalar turar joylari, o‘quv-xo‘jalik maydonlaridan talabalar uchun ish o‘rinlarini yaratishda foydalanish;
  • oliy ta’lim muassasasida mavjud bo‘sh ish o‘rinlariga (o‘quv yordamchi va texnik lavozimlar, kabinet mudiri, arxiv mudiri, kompyuter zali mudiri, uslubchi, laborant kabilarga) talabalarni ishga qabul qilishda ustuvorlik berish;
  • talabalarni kasbiy rivojlantirish, ish beruvchiga o‘zini taqdim etishga tayyorlashga qaratilgan yangi boshqaruv mexanizmlarini joriy etish;
  • talabalarni haq to‘lanadigan jamoat ishlariga, respublika miqyosidagi ro‘yxatga olishlar, sotsiologik tadqiqotlar, so‘rovlar va xatlovlarni o‘tkazish ishlariga jalb qilish;
  • oliy ta’lim muassasalari talabalarining rasmiy mehnat faoliyatini olib borishlarini qo‘llab-quvvatlash hamda o‘rnatilgan cheklovlarni yengillashtirish yoki to‘liq olib tashlash;
  • munosib ish o‘rinlarini taklif etishga qaratilgan elektron platforma yaratish;
  • magistratura, klinik ordinatura bosqichi birinchi kursidan boshlab to‘liq stavkagacha mehnat faoliyatini amalga oshirishiga ruxsat berish;
  • talabalar bandligini ta’minlashni oliy ta’lim muassasalari asosiy vazifalaridan biri sifatida belgilash.

Talabalar bandligini ta’minlashni muvofiqlashtirish maqsadida respublika oliy ta’lim muassasalarida Marketing va talabalar amaliyoti bo‘limlari negizida keng tarmoqli “Karera markazlari" tashkil etiladi.

Markazlar asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilanadi:

  • o‘qishdan bo‘sh vaqtlarida mehnat faoliyatini olib borish istagini bildirgan talabalar rasmiy bandligini ta’minlash choralarini ko‘rish;
  • oliy ta’lim muassasasi ixtisosligidan kelib chiqib, ish beruvchilar bazasini shakllantirish va onlayn platforma bilan integratsiyasini ta’minlash;
  • karera kunlarini muntazam ravishda tashkil etish, korxonalarga rasmiy tashriflar uyushtirish, muvaffaqiyatga erishgan biznes va davlat xizmati vakillari bilan mahorat darslarini tashkil etish;
  • potensial ish beruvchilar bilan hamkorlik shartnomalarini imzolash, ular tomonidan taqdim etilgan vakansiyalar va kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni qanoatlantirish;
  • talabalar stajirovka va amaliyotini tashkil etish uchun ish beruvchilar bilan doimiy hamkorlik aloqalarini o‘rnatish;
  • talabalar kelgusi hayotida zarur bo‘ladigan ko‘nikma va hunarlarni kasbga o‘qitish markazlarida o‘rgatishni tashkil etish;
  • ish bilan band bo‘lgan talabalar hisobini yuritish va ushbu yo‘nalishda ularga barcha konsalting xizmatlarini ko‘rsatish;
  • norasmiy sektorda band bo‘lgan talabalar monitoringini yuritish va rasmiy sektorga o‘tkazish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish.