Oliy ta'lim bo‘yicha yangi tartib joriy etiladi. Vazirlar Mahkamasining vakolatlaridan biri bekor qilinadi


Vazirlar Mahkamasining muhokama uchun e'lon qilingan qarori loyihasiga ko‘ra, Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligining 2020 yilning 1 avgustidan boshlab Vazirlar Mahkamasining boshqa davlatlarning oliy ta'lim muassasalariga O‘zbekiston hududida ta'lim faoliyati bilan shug‘ullanish huquqini beruvchi ruxsatnomalar berish vakolatini bekor qilish va oliy ta'lim faoliyatini litsenziya asosida amalga oshirish tartibini joriy etish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilishi mumkin.

Belgilanishicha:

a) quyidagilarning ta'lim faoliyati mulkchilik va tashkiliy-huquqiy shakllaridan qat'i nazar litsenziyalanadi:

O‘zbekiston prezidenti yoki Vazirlar Mahkamasi qarorlari bilan tashkil etilgan mahalliy oliy ta'lim tashkilotlari va ularning filiallari;

O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari, jumladan davlatlararo, hukumatlararo va idoralararo bitimlar asosida O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida faoliyat olib borayotgan O‘zbekiston Respublikasining oliy ta'lim tashkilotlari va ularning filiallari;

O‘zbekiston Respublikasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan oliy ta'lim tashkilotlari, xorijiy oliy ta'lim muassasalari va ularning filiallari;

mahalliy va xorijiy oliy ta'lim muassasalarining o‘zaro kelishuvi doirasida amalga oshirilayotgan qo‘shma ta'lim dasturlari va fakultetlar;

b) oliy ta'lim faoliyatiga litsenziya mahalliy va xorijiy oliy ta'lim tashkilotlari, hamkorlikda tashkil etilgan oliy ta'lim tashkilotlari, ularning filiallari va ularda tashkil etilgan qo‘shma ta'lim dasturlari va fakultetlar tomonidan taqdim etilgan hujjatlar oliy ta'lim faoliyatini amalga oshirish uchun belgilangan litsenziya talablari va shartlariga to‘la muvofiq bo‘lganda, ularning o‘quv rejalari va dasturlari yuzasidan Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligining ijobiy xulosasi mavjud bo‘lganda Davlat inspeksiyasi tomonidan beriladi;

d) oliy ta'lim tashkilotlari va qo‘shma fakultetlar litsenziya olgan paytdan boshlab 5 yil muddatga, tibbiyot oliy ta'lim tashkilotlari 6 yil muddatga davlat akkreditatsiyasidan o‘tgan hisoblanadi;

e) ta'lim faoliyati O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi tomonidan ekspertizadan o‘tkazilgan ta'lim dasturlari asosida tashkil etilgan oliy ta'lim tashkilotlari va qo‘shma fakultetlarning bitiruvchilariga O‘zbekiston Respublikasining davlat namunasidagi oliy ma'lumot to‘g‘risidagi hujjati beriladi;

f) quyidagilar:

ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi hamda Davlat inspeksiyasining qo‘shma qarori bilan tasdiqlanadigan xalqaro e'tirof etilgan tashkilotlarning reytingida oliy ta'lim muassasalari orasida birinchi 1 000 talikka oxirgi uch yilda kamida bir marta kirgan;

Oliy ta'limda sifatni kafolatlash Yevropa assotsiatsiyasining (European Association for Quality Assurance in Nigher Education) to‘laqonli a'zolari – vakolatli tashkilotlar tomonidan akkreditatsiya qilingan;

Amerika Qo‘shma Shtatlari, Avstraliya Ittifoqi, Isroil Davlati, Kanada, Singapur Respublikasi, Koreya Respublikasi, Yaponiya davlatlarining ushbu davlatlar vakolatli tashkilotlari tomonidan akkreditatsiya qilingan xorijiy oliy ta'lim tashkilotlari bilan qo‘shma ta'lim dasturlari va fakultetlar tashkil etiladi.